Tojikiston poytaxti Dushanbeda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari muloqot qilgan.
Uch kun davomida bu tashkilotlar faoliyati borasida ko’plab hujjatlar imzolandi.
Jumladan, Rossiya, Belarus va Qozog’iston o’rtasida bojxona ittifoqini tuzish, umumiy energetik bozorni tashkil etish rejasini ishlab chiqish, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati faoliyatini kengaytirish va mustahkamlash kabi 20 dan ortiq hujjat ma’qullangan.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha uch tashkilot sammitini bir joyda va bir vaqtda o’tkazishdan maqsad - Rossiya atrofida jipslashish.
Tojkiston prezidenti Imomali Rahmon sammitlar davomida Rossiya Tojikistonning tabiiy ittifoqdoshi va strategik hamkori deya ta’kidladi.
“Tojikiston uchun Rossiya minglab zanjirlar bilan bog’langan tabiiy va strategik ittifoqchi hisoblanadi. Biz bu aloqalar to’xtovsiz rivojlanishi va kengayishi uchun barcha harakatlarni qilamiz. Bizning bu nuqtai-nazarimiz o’zgarmasdir”, - degan prezident.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati asosida Bojxona Ittifoqini shakllantirish rejasiga alohida e’tibor qaratmoqda.
“Bu hujjatlar qabul qilinishi bilan bojxona ittifoqi yaratishga qonuniy asos yaratilganini ta’kidlamoqchiman. Va u haqiqatan ham faoliyat ko’rsata boshlaydi va tuzilishi shart. Barcha imzolangan shartnomalar 2010 yilgacha bajarilishi kerak”, - degan Putin.
Tojikistonliklar fikricha, bu harakat keyingi ikki yil ichida O’zbekiston-Tojikiston o’rtasida viza tartibi bekor qilinishiga turki beradi.
Kollektiv Xavsizlik Shartnomasi Tashkiloti yig’ilishida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan ishlash va Afg’onistonda tinchlik o’rnatishga ko’maklashishga kelishilgan.
Tojikistonlik professor Iskandar Asadulloyev Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqiga o’xshash tuzilmaga aylanishini istaydi. Uning fikricha AQSh taklif qilgan Katta Markaziy Osiyo ittifoqi yomon fikr emas.
Dushanbe sammitini kuzatgan xo’jandlik o’zbek olimi Ilhom Yusupov nazarida oliy darajadagi bu uchrashuvlar regionda Rossiya manfaatlari ustunligini ko’rsatuvchi mashvarat.
Markaziy Osiyo hukumatlari energiya zaxiralari, yagona bozor, qishloq xo’jaligi va yagona valyuta birligiga qaratilgan siyosatni ishlab chiqishi zarur deydi u.
Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati negizida Rossiya, Belarus va Qozog’iston o’rtasida Bojxona Ittifoqini tuzish borasida maxsus komissiya tashkil qilind. Shuningdek, bu uch davlat yagona narx-navo siyosatini belgilovchi kelishuv imzoladi.