AQSh Rossiya bilan demokratiya haqida ortiq gaplashmoqchi emas

12 oktyabr kuni AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays, Mudofaa vaziri Robert Geyts va boshqa rasmiylar Moskvaga tashrif buyuradi.

Muloqot asosan xavfsizlik va mudofaa haqida boradi. Vashington Post gazetasiga ko’ra, Rossiyadagi erkinlik, demokratiya va inson huquqlari kabi masalalar kun tartibida yo’q.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning kelasi yil vakolati tugagach bosh vazirlikka o’tish rejasi Bush ma’muriyati hafsalasini pir qilgan. AQSh Rossiyada demokratik ahvolni baribir yaxshilay olmaydi degan qarash hukmron.

Putin prezidentligi davrida, deydi tahlilchilar, prezident boshqaruvi mustahkamlandi, mustaqil siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat kuchaydi. Oq uy so’zlovchisi Dana Perino Putinning hokimiyatda qolishi mumkinligiga ishora qilib, "bu Rossiya xalqining o’ziga havola" deydi.

Gap shundaki, deydi siyosatdonlar, Putin 2008 yilda prezidentlik vakolatini tugatadi. Shunga va’da bergan ham. Hozircha qonun buzilyapti deb e’tiroz bildirish qiyin.

Moskvaga safar chog’ida AQSh rasmiylari asosan ikki masalani ko’taradi: AQShning Polsha va Chexiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasi hamda Rossiyaning qurol-yarog’ poygasini kamaytirishga doir ba’zi bitimlardan chiqish qarori.