Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Xavyer Solana yaqinda Markaziy Osiyoda bo'lganida O’zbekistonni chetlab o’tdi.
Yevropa Ittifoqi O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli yaxshilanmayotganidan xavotirda. Ittifoq nazarida rasmiy Toshkent vaziyatni ijobiylashtirish uchun jon-jahdi bilan harakat qilmayapti.
Sanksiyalar Andijon fojialaridan keyin qo'yilgan, keyinroq sal yumshatilgan edi. Ularga asosan Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar O’zbekistonga qurol-yarog’ sotmasligi va respublikaning maxsus ro'yxatga kiritilgan rasmiylari ittifoqqa kiritilmasligi lozim.
O’zbekistonda rasman ro’yxatga olingan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning aytishicha sanksiyalar joriy etilganidan keyin ahvol ancha yomonlashgan.
“Ro’y-rost aytish mumkinki,Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan munosabatlar sovuqlashganidan keyin vaziyat ikki karra yomonlashdi. Demak, sanksiyalr natijasi shunga olib kelibdi. Hozirgidek, mujmal, timsoliy sanksiyalar davom etaversa, bundan faqat demokratiya va so’z erkinligi zarar ko’radi”, - deydi Tashanov.
2000 - 2003 yillar orasida, deydi Tashanov, O’zbekistonda huquq ahvoli hozirgiga nisbatan yaxshiroq edi.
Biroq Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar, xorijda yashayotgan o’zbekistonlik faollar hamda O’zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakillari Yevropa ittifoqidan sanksiyalarni kuchaytirishni so'ramoqda.
“Qamoqxonalarda mahbuslarning noroziliklari bo’lib o’tdi. Hatto otilganlari ham bor. Biz bu haqda yozgan edik. U yerda ochlik, sil kasalligi avj olgan. O’zbekiston esa Xalqaro Qizil Xoch jamiyatini kiritmayapti. Bu ham Yevropa Ittifoqi tomonidan qayd qilingan shartlarning bajarilmayotganidan dalolat”, – deydi huquq himoyachilari alyansi vakili Yelena Urlayeva .
Urlayevaning aytishicha ko'plab faollar yolg'on ayblar bilan hali ham qamoqda o'tiribdi. O’zbekistonga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish uchun, deydi u, hech qanday asos yoq.
Yevropa Ittifoqi mintaqaga nisbatan siyosatini yangilash ustida izlanar ekan, Markaziy Osiyodagi har bir davlat bilan aloqalar elakdan o'tkazilishi kutilmoqda.
Sharhlovchilar nazarida energetik zahiralar, siyosiy-iqtisodiy islohotlar va huquq ahvoli munosabatlarni belgilovchi asosiy omillar.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari Amerika Ovozi bilan suhbatda O'zbekistonda vaziyat yaxshilanmayotganidan afsusda ekanliklarini aytadi. Lekin ittifoq a'zolari va ulardan saylangan qonun chiqaruvchilar orasida O'zbekistonga nisbatan munosabat turlicha.
Germaniya O'zbekiston bilan muloqot qilish, amaliy muzokaralar yo'li bilan til topishish tarafdori.
Yevropa parlamentining angliyalik vakillari, masalan, rasmiy Toshkentdan umid yo'q degan fikrda. Lekin sanksiya kuchaytirilishi lozim deya chiqmoqda. Amaliy o'zgarishlarga kelganda, deydi bu tanqidchilar, ularni O'zbekiston xalqining o'zi xohlashi lozim.