Qo'shnilar O'zbekistonda ulkan o'zgarishlar kutmayapti

O’shlik jamiyatshunos G’anijon Xolmatov O’zbekistonda kutilayotgan prezidentlik saylovi qo’shni davlatlarda yashovchi o’zbeklar uchun ham muhim hodisa ekanini aytadi. Ammo, olim fikricha, prezidentlik saylovlari favqulodda o’zgarishlarga sabab bo’lmaydi.

“Nihoyat O’zbekistonga befarq qaramaydigan shaxslar uchun prezident va uning soxta muxoliflari o’rtasida yangi saylovlar o’tyapti. Sobiq Sovet mafkurasida tarbiyalangan jamiyatda yangi o’zgarishlarni kutish mumkin emas, u oxirigacha o’z hayotini yashab o’tishga majburdir. Boshqacha yashash jamiyatning imkoniyatida, ruhiyatida yo’q ekan. Mana shu ruhiyat bilan tarbiyalangan shaxslar o’z qismatining oxirgi bosqichini, ya’ni, saylovlarni kutishyapti”,- deydi Xolmatov.

Iqbol Mirsaitov - Qirg’iziston prezidenti qoshidagi xalqaro strategik tadqiqotlar institutining bosh tahlilchisi. Tahlilchi ham O’zbekistonda saylov an’anaviy ravishda muvaffaqiyatli o’tishiga ishonadi.

“Saylovoldi poyga bo’layotgan ekan, demak, O’zbekistonda saylov o’tadi. Mening fikrimcha, Islom Abdug’anievich bu saylovda g’olib chiqadi, chunki unga muqobil bo’la oladigan shaxs yo’q. O’zbekistonda konstitutsiyadan boshlab boshqa qonunlargacha Islom Karimov saylovda o’z nomzodi bilan qatnashishiga moslangan”,- deydi Mirsaitov.

Oddiy qirg’izistonliklar nazarida O’zbekistonda o’tadigan saylov natijasi oldindan ma’lum va folbinlik qilishga zarurat yo’q.

“Muxolifatni tashqariga chiqarib yubordi. Cho’ntak partiya bilan o’tadigan saylov Karimov xohlagandek saylov bo’ladi, muxolifat xohlagan saylov bo’lmaydi. Ya’ni, o’zi qolish uchun saylov 3 oy qolganda kech e’lon qilindi. Bu albatta Karimovning foydasi uchun bo’ladi”, – deydi Novqat shahrida yashaydigan tadbirkor.

2005 yilning mart oyida parlament saylovlari natijalaridan norozi muxolifat Qirg’izistonda xalqni Asqar Aqaevga qarshi safarbar qila oldi. O’zbekistonda ham shu holat takrorlanishi mumkinmi?

Tahlilchi Iqbol Mirsaitov fikricha O’zbekistonda aholini Qirg’izistondagi kabi namoyishlarga safarbar qila oladigan salohiyatli shaxs yoxud ijtimoiy guruh yo’q.

“Men qandaydir norozilik bo’ladi deb o’ylamayman. Aholida muayyan norozilik salohiyati yo’q. Tasavvur qiling: Islom Abdug’anievich saylovda g’olib chiqdi. Kim bundan norozi bo’lib chiqa oladi? O’zbekistonda hozir qandaydir ijtimoiy guruh bormi? Bir paytlar maydonga chiqqan muxolifat hozir bormi? Menimcha, yo’q. Ular O’zbekistonda shunchaki yo’q”,- deydi Mirsaitov.

Kuzatuvchilar O’zbekistonda vaziyat hukumat tomonidan to’la va kuchli nazorat ostida ekanini ta’kidlaydilar.

“Bu saylovlar O’zbekiston jamiyatini yangi zamon nuqtai nazaridan yana 10 yilliklarga ortga surib yuboradi”, – deydi siyosatshunos G’anijon Xolmatov.

Tahlilchi Iqbol Mirsaitov saylovlar davrida ekstremistik kuchlar O'zbekistonda xuruj uyushtirishi mumkin degan xavotirlarni rad etadi.

“Hozir bunday tashkilotlarning barcha yorqin liderlari xorijda. [O’zbekistonda] aksar ekstremistik tashkilotlar, ularning tarmoqlari va rahbarlari yakson qilingan",- deydi Mirsaitov. "Men bu tashkilotlarning qarshilik salohiyati hukumatga qarshi chiqish darajasida kuchli deb o’ylamayman. O’zbekiston hududida bular juda zaif”.