Yevropa Ittifoqi 2005 yilning mayida Andijondagi namoyishlarni qonli bostirishda gumon qilingan sakkiz rasmiyning Yevropaga kirishiga qo’yilgan ta’qiqni shartli ravishda olti oyga bekor qilgan. Bu muddatda mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yaxshilanmasa, sanksiya qayta kuchga kiradi.
O`zbekistonga qurol-yarog' sotish cheklovlari o’z kuchida qolgan.
Sharhlovchilar nazarida mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat hali ham keskin, lekin Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o’rtasida munosabatlar tiklanib bormoqda.
Mahalliy huquq himoyachilari sanksiyalarning yumshatilganidan nozori. Boshqalar fikricha esa Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o`rtasida kechayotgan muloqot ijobiy natija berishi mumkin.
“O`zbekiston tamomila chet el bilan munosabati to’sib tashlangan mamlakatga aylanib qolishining oldini olish uchun Yevropa Ittifoqi bu ishni to’g’ri qildi. Aytaylik, katta bir iqtisodiy yon bosishlarga bormasdan, ikki darajali yo`nalishda Yevropa yon bosdi va bundan keyin ham muzokaralarga tayyorligini ko`rsatdi. Lekin bu narsa Yevropa O`zbekistondagi demokratik jarayonlarga, o’tgan qonli voqealarga tamomila befarq degani emas”, - deydi jamiyatshunos Komron Aliyev.
Inson huquqlari faollari nazarida aksincha, sanksiyalr yumshatilishi huquq qo’pol buzilgan taqdirda ham hukumat bilan munosabat qilish kerak degan tushuncha ustun kelmoqda. Andijon fojialaridan keyingi vaziyat, tashqi dunyo bilan munosabatlar shuni ko`rsatmoqda deydi ular.
Yevropa Ittifoqi O’zbekistonda huquq faollari Umida Niyozova va Gulbahor To`rayevalarning qamoqdan ozod etilganini va respublikada o’lim jazosi bekor qilinayotganini olqishlagan.
Mahalliy faollarga ko`ra esa qamoqxonalarda qiynoqlar avj olmoqda. Shuningdek, deydi ular, “o’nlab huquq himoyachilari hali ham panjara ortida. Erkinlikdagi faollar ham tazyiq ostida”.