21 oktabr kuni o`zbek tilining davlat tili deb e’lon qilinganiga 18 yil to`ldi.
Bu vaqt mobaynida o`zbek tili haqida, boshqa millat vakillariga o`zbek tilini o`rganish imkoniyati berish, lotin imlosiga o'tish to'g'risida qator qonun va qarorlar qabul qilingan.
Ziyolilar nazarida haqiqatda bu hujjatlarning birortasi naf bermagan. Amalda o`zbek tili davlat tili emas, aksincha uning nufuzi tushib ketgan.
“Bugun O`zbekistonda davlat tili qaysi til degan savol beradigan darajaga kelib qoldik. Biror qoidani buzsangiz, militsiyaga jarima to`laysiz. Lekin O`zbekistonda til to`g`risidagi qonun ham bor . Bu qonun har kuni, har soatda buziladi. Hech kim jarima to`lamaydi. Jazoga ham tortilmaydi”, - deydi tilshunoslardan biri.
Ismi oshkor etilmasligini so`ragan bu ziyoli fikricha davalat tili masalasi bugun hukumat e'tiborida emas. Tilning doimiy buzilishiga misol qilib, u hisob-kitob sohasini keltiradi.
O`zbekiston banklaridan birida ishlaydigan xodimning aytishicha rus tilida ish yuritish osonroq. Ayniqsa texnik terminlarni hisobga olganda deydi u.
“Programmalarni yozuvchilar ham ko`pi o`zbek emas. O`zbekchada ishlasa bo'ladi. Ammo ruschada qilingani hammaga “dostupniy” bo`lishi uchun. Bankda faqat o`zbeklar ishlamaydi. Ruslar ham bor", - deydi bu xodim.
O'tgan yillar ichida O'zbekistonda rus tilida gaplashuvchi aholi kamaygan. Biroq qolganlari ham o'zbek tilini yaxshi tushunmaydi yoki gapira olmaydi.
Tilshunos olim Baxtiyor Isabek nazarida kompyuter dasturlarini o`zbekchalashtirish murakkab jarayon emas. Hukumat shunday qilishni istasa bas.
“Kompyuterni o`zbekchalashtirishni bular hayoliga ham keltirmaydi. Hozir juda ko`p idoralarda ruscha bilmasangiz, ishingiz bitmaydi. Oddiy misol, biron narsangiz buziladigan bo`lsa, telefonda qo`ng`iroq qiling. Ruschalab “ya neznayu uzbekskiy, govorite na russkom” deb turadi ”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Aholi bugun yana farzandlarini rus tilida o`qitishga tushgan. Sabab mamlakatda ish asosan rus tilida yuritiladi. "Rus tilini bilmasangiz, qanchalik o'qimishli bo'lmang, savodsiz va madaniyatsiz odamsiz",- deydi toshkentliklardan biri.
Bu tilshunos fikricha tarjima masalasi ham chatoq. So'zma-so'z o'girishga berilgan mutaxassislar ko'p hollarda tarjima adabiyot yoki hujjatning ma'nosi buzilayotganini yoki o'zbek tilining sifati chetda qolayotganini unutadi.
Davlat matbuotiga ko'ra, musatqillik til rivojlanishiga imkoniyat bergan.
Ayrim maqolalarda yozilishicha, o'zbek tili keyingi yillarda mukammallashgan.
Lekin, deydi ziyolilar, bugun mamlakatda imlo, grammatik va leksik jihatdan to'g'ri yozilgan, mantiqli, o'qishga arzigulik narsani topish qiyin. Lug'atlar yetishmaydi. Eskilari yangilanmagan. Lotin alifbosida chop etilgan biror adabiyot talabga yoki til me'yorlariga javob bermaydi.
"Hatto televideniye, radio va bosma matbuot xodimlarining tili buzilib ketgan. Biroq mantiqli gap yoki sof o'zbek tilida chiroyli gapiradigan insonni uchratish qiyin. Har bir gapda kamida ikkita notanish so'z. Bu xalqni savodsiz qilib ko'rsatadi, axir til asosiy aloqa vositasi",- deya kuyunadi mutaxassislardan biri.
Uning fikricha o'rta maktabda til darslariga e'tibor yo'q. Muallimlar avvalgidek mehr bilan o'qitmaydi. Darsliklar yetishmaydi. Bu muammolarni esa matbuotda ochiq aytishga imkoniyati yoq.
“O'zbek tili davlat tili sifatida tobora kuchayish o`rniga o`z xususiyatlarini yo`qotib bormoqda", - deydi Baxtiyor Isabek.
Tilshunos tilni asrab qolish va boyitish uchun yangidan kurash boshlash lozim.
Lekin, deydi boshqa mutaxassilar, tilni qadrlash avvalombor o'zbek tilini ona tili deb biluvchi fuqarolar vazifasidir.