Iqtisodiy imkoniyatlar katta, biroq siyosat cheklangan

Mutaxassislar nazarida Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan yaxlit mintaqa sifatida taraqqiy eta oladi.

Gap umumiy va erkin bozor yarata olishda.

Biroq, deydi ayrim siyosatdonlar, bugun Markaziy Osiyo siyosatini tashqi kuchlar, asosan iqtisodi tobora kuchayayotgan Rossiya va Xitoy belgilamoqda.

Jamiyatshunos Komron Aliyevning aytishicha mintaqa boshdan kechirgan mustamlaka siyosati asoratlari hozir ham ba’zi davlatlar o’rtasidagi bo’linishlar va chegara muammolarida seziladi.

"Agar mintaqa davlatlari Yevropa Ittifoqi misolida birlashsa, chegaralar, savdo-sotiq erkin bo`lsa, xalqaro moliyaviy tashkilotlar hisobiga ko`ra ishlab chiqarish ikki barobariga ortishi kerak”, - deydi Aliyev.

Mintaqa Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga iqtisodiy taraqqiyot kaliti deb qaragan edi.

Tahlilchilar ta’biricha bu tashkilotni tebratayotgan geosiyosiy kuchlar mintaqaning birlashishi uchun xizmat qilmaydi. Aksincha, uning tarqoq holda ish ko’rishidan foyda ko’radi.

Markaziy Osiyo ittifoqini tuzish haqida asosan Qozog`iston prezidenti Nazarboyev gapirib kelmoqda.

Rossiyada tahlilchilar mintaqada davlatlar bir kun kelib birlashishiga ishonmaydi. Ular respublikalar siyosatida o'xshash yo'nalishlar, bir-birini to'ldiradigan jihatlar ko'rmaydi.

Lekin qozog`istonlik siyosatshunoslardan biri Dosim Satpayev fikricha integratsiya amaliyoti mintaqadagi siyosiy elitaga bog’liq. Ayniqsa O`zbekistondagi siyosiy elita hozirgi nufuzidan qoniqayotgan bo’lsa, deydi Satpayev, unga hech qanday integratsiya kerak emas.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha esa mintaqa davlatlaridagi turli iqtisodiy ko`rsatkichlar ham integratisya yo’lida to`siq bo’lishi mumkin.

“Qirg`izistonda sal kam ikki millard dollar tashqi qarz bor. Tojikistonda ham vaziyat shunday. Umumiy bozor mintaqa davlatlaridagi iqtisodiy ko`rsatkichlar bir-biriga tenglashganda bo`lishi mumkin”, - deydi Soyibnazarov.

Tanqidchilar hukumatlarni o'zboshimcha siyosatda, irodasizlikda va iqtisodiyotga ma'suliyatsiz ravishda qarayotganlikda ayblaydi. Qozog'iston o'z iqtisodiyotini ancha mustahkamlab olgan bo'lsa-da, korrupsiyaga qarshi kurashmaydi. Yulg'ichlik hukmron mintaqaning boshqa davlatlarida ham ahvol tang. Integratsiya uchun xohish yo'q deydi kuzatuvchilar.