AQSh matbuoti Gruziya va Qozog'iston siyosati haqida

Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi davlatlaridagi siyosiy jarayonlar AQSh matbuoti tomonidan keng yoritilmoqda. Ayniqsa Gruziyadagi so’nggi voqealar hamda Qozog’istonning 2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish ehtimoli.

Gruziyalik siyosiy tahlilchi Giorgi Margvelashvilining “Vashington Post” gazetasiga aytishicha, prezident Mixail Saakashvilining saylovlarni 5 yanvarda o’tkazish qarori mamlakatda tobora taranglashayotgan siyosiy vaziyatni ancha yengillashtirdi. Mutaxassis prezidentning saylovlarda osonlikcha yutib chiqishini ta’kidlamoqda.

Kuzatuvchilar nazarida G’arb va AQShning Gruziyada namoyishlarning bostirilishiga keskin munosabat bildirgani ham Saakashvilini hovuridan tushishga majbur qildi. NATO chiqargan bayonotda “namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatish Yevro-Atlantik davlatlar tamoyillariga to’g’ri kelmaydi”, deyilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham Gruziya hukumati harakatini tanqid ostiga olgan.

AQShning Tbilisidagi elchixonasi so’zlovchisi Saakashvili inqiroz yuzaga kelgandan buyon AQSh va Yevropa rahbarlari bilan aloqada bo’lgan deydi.

AQSh Davlat departamenti Gruziyada prezident saylovlarini muddatidan erta, yanvarga ko’chirish qarorini olqishlagan va Gruziyani 15 kunlik favqilodda holatni bekor qilishga hamda mustaqil matbuot ishini tiklashga chaqirgan.

To’rt yil burun shunga o’xshash namoyishlar yordamida hokimiyat tepasiga kelgan Saakashvili, gruziyalik ayrim kuzatuvchilar nazarida bu safar shoshib, o’zini yo’qotib qo’yganday edi. Biroq uning so’nggi qarori muxolifatning o’zini ham sarosimaga solgan ko’rinadi. Chunki odatda tarqoq muxolifat 5 yanvarga ko’chirilgan prezident saylovlarida Saakashviliga munosib qarshilik ko’rsatish uchun yagona nomzod ko’rsatishi kerak. Siyosiy tahlilchi David Darchiashvilining aytishicha, bir tomondan yagona va kuchli nomzodni topish muxolifat uchun qiyin bo’ladi, biroq boshqa tomondan kuch bilan tarqatilgan xalqning ayni damda Saakashvilidan ko’ngli qolgan.

AQShdagi boshqa bir gazeta, “Vashington Tayms” Qozog’iston Davlat kotibi Kanat Saudabayevning Vashingtonga tashrifi haqida yozadi. AQShdagi elchilik vazifasidan so’ng davlat kotibi bo’lgan Saudabayev Bush ma’muriyati bilan asosan Qozog’istonning 2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish imkoniyatlari va AQShning ushbu masalaga yondashuvi haqida so’zlashgan. Saudabayev uchrashuvlardan mamnun, biroq Qo’shma Shtatlar Qozog’iston nomzodini rasman qo’llab-quvvatlashi haqida hech narsa demagan.

Ayni damda tashkilotni Ispaniya Tashqi ishlar vaziri boshqarmoqda. Kelasi yil navbat Finlyandiyaniki. 2009 yilda EXHT ga kim rais bo’lishini esa tashkilotga a’zo 56 davlat vazirlari ushbu oy oxirida hal qiladi. Hozircha faqat uch a’zo – AQSh, Chexiya va Britaniya Qozog’iston nomzodini qo’llab-quvvatlashini bildirmagan.

Nursulton Nazarboyevga prezidentlik muddatini cheksiz marotaba uzaytirishga imkon beruvchi konstitutsion o’zgartirishlarning joriy yilda qabul qilinishi, avgust oyidagi parlament saylovlarining halol o’tgan deb tan olinmagani, Quyi palatadagi har bir joyning Nazarboyevga qarashli “Nur Otan” partiyasi vakillari tomonidan egallanishi xalqaro hamjamiyat tomonidan demokratik taraqqiyot yo’lida “orqaga qadam” deb baholangan.

O’tgan oy Kongressda Qozog’iston bo’yicha bo’lib o’tgan tinglovda inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Freedom House yoki “Ozodlik uyi” tashkiloti rasmiy Astananing EXHTga raislik qilishiga kuchli norozilik bildirgan.

Biroq tinglovda ishtirok etgan Ispaniya Tashqi ishlar vazirining aytishicha, Ispaniya Qozog’istonning tashkilot raisligiga nomzodini qo’llab-quvvatlaydi.

“Qozog’istondagi saylovlar ochiq va adolatli deb tan olinmagan bo’lsa-da, rasmiy Astanada mintaqadagi boshqa sobiq Sovet respublikalariga o’rnak bo’lish uchun yaxshi imkoniyat bor,” degan Migel Moratinos.