Isroil va Falastin AQShda o'tayotgan xalqaro anjumandan umidvor

Bugun AQShning Annapolis shahrida Yaqin Sharq bo’yicha tinchlik anjumani ish boshlamoqda.

Maqsad – yetti yildan beri to’xtab qolgan muzokaralarni jonlantirish va mintaqada davom etayotgan qonli mojaroga barham berish.

AQSh hukumati sammit Falastin davlatiga asos soladi degan umidda.

Biroq Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchilar undan olamshumul natijalar kutayotgani yo’q.

Harbiy-dengiz akademiyasida o’tayotgan anjumanda 50 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Kecha oqshom delegatlar sharafiga Davlat departamentida ziyofat berildi.

"Biz bu yerga maqsadimiz mushtarakligi uchun to’plandik. Maqsadimiz - tinchlik va xavfsizlikda yashaydigan ikki demokratik davlat – Isroil va Falastin. Bu maqsadga erishish uchun xalqaro hamjamiyat, jumladan Qo’shma Shtatlar, unga jiddiy yondashishi zarur", - dedi Bush ziyofatda tinchlik uchun qadah ko'tarar ekan.

Kecha Bush Oq uyda Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan alohida uchrashgan.

"Anjuman keng ko’lamdagi muzokaralarga yo’l ochadi, degan umiddamiz. Isroil va Falastin o’rtasida totuvlikka boshlovchi barcha masalalar bo’yicha", - deydi Mahmud Abbos.

Yahud Olmert xalqaro hamjamiyat rolini tan olar ekan, oxir-oqibatda Isroil va falastinliklar taqdiri ularning o’z qo’lida ekanini ta’kidlagan.

Eron anjumanni tanqid qilmoqda. Oq uy so’zlovchisi Dana Perinoning aytishicha, rasmiy Tehron Yaqin Sharqdagi beqarorlikdan manfaatdor bo’lgani uchun ham anjumanga qarshi chiqmoqda.

Eron va Falastinda G’azo Sektorini boshqarayotgan Xamas guruhi Annapolisga taklif etilmagan.

Biroq Isroil bilan rasmiy diplomatik aloqalarga ega bo’lmagan ba’zi davlatlar, jumladan Saudiya Arabistoni va Suriya anjumanda ishtirok etmoqda.

Mintaqada norozilik namoyishlari

G'azoda Xamasning minglab tarafdorlari anjumanga qarshi namoyishlar o'tkazgan. Xamas Mahmud Abbosni Falastin dushmani deb atamoqda.

Isroilda ham sammitdan norozi muxolifat sobiq bosh vazir Benyamin Netanyaxu yetakchiligida chiqishlar qilgan. Netanyaxu fikricha Yahud Olmert hukumati xalq bilan hisoblashmay ish ko'rmoqda. "Isroil bu anjumanda ko'p narsani boy beradi",- deydi u.

Ramalloh shaharida joylashgan Bir Zayt Universiteti professori Ali Jarbavi nazarida "Annapolisda biror bitimga erishish qiyin".

Isroil va Falastin rasmiylari so’nggi okki oydan buyon konferensiya kun tartibi ustida bosh qotiradi.

Falastinliklar masalani bafurja ko’rib chiqish va mustaqillik borasida hujjat imzolanishi, buning uchun aniq vaqt belgilanishi tarafdori.

Isroil esa Annapolisda umumiy masalalar ko’rilib, tafsilotlar keyin muhokama qilinishini taklif qimoqda.

"Yonma-yon, totuvlikda yashaydigan ikki mustaqil davlatning yaratilishini istaymiz",- deydi Isroil Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mark Regev.

Bundan to’rt yil avval xalqaro jamoatchilik Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash bo'yicha katta reja bilan chiqqan edi. Tashabbusga binoan Falastin davlatini barpo etish yo’lida bir necha boshqichdan o'tiladi.

Birinchi bosqichda Isroil G’arbiy sohilda yahudiy posyolkalarini qurishni bas qilishi, Falastin esa Isroilga hujumlarni to'xtatishi darkor.

Professor Jarbavi deydiki falastinliklar anjumanga ishonishi uchun prezident Abbos vatanga aniq natija bilan qaytishi zarur.

"Falastinliklarning konferensiyadan umidi katta. Bu hozirgi hukumat uchun katta dalda bo’ladi. Ayni damda G’arbiy sohilda 500 ga yaqin Isroil nazorat punktlari bor. Bu oddiy xalqning hududga kirib-chiqishiga katta qiyinchiliklar tug’dirmoqda. Savdo va iqtisodiy ahvol ham bundan zarar ko’rmoqda. Shu sabab avvalambor shu nazorat punktlarini yo'q qilish kerak. Falastinliklar o’z hayot tarzlarini o’nglab olishlari uchun",- deydi Jarbavi.

Olmert G’arbiy sohilda aholi punktlari barpo etilishi to’xtatiladi, noqonuniy nazorat punktlari bekor qilinadi, deya va’da bermoqda.

Biroq Isroilda koalitsion hukumatning zaiflashganini hisobga olganda bu va’daning ustidan chiqish oson bo’lmaydi.

Mamlakat tashqi ishlar vazirligi "Knessetda Olmert siyosatini qo’llab-quvvatlovchilar soni yetarli. Falastin hukumati hamkorligida maqsadga erisha olamiz",- deya ishonch bildirmoqda.

Ayni damda Mahmud Abbos ham zaif hukumat rahbari. Faqat G’arbiy sohilni boshqarmoqda. G’azo sektori Xamas jangari guruhi qo'lida.

Muzokaralar samara bermasa, Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish borasidagi rejalar qog'ozda qolaveradi.