Prezident Vladimir Putin Qo’shma Shtatlarni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini Rossiyaga qarshi qayrayotganlikda ayblamoqda. Maqsad, deydi Putin, yakshanba kuni bo’ladigan parlament saylovlarga putur yetkazish.
Putinning aytishicha, AQSh Davlat departamenti tashkilotga saylovlarni kuzatmaslikni tavsiya qilgan. Bunga dalil bor va bu hol Rossiya-AQSh munosabatlarida inobatga olinadi, deydi Rossiya rahbari.
Tashkilotning Varshavada joylashgan Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi (Office for Democratic Institutions and Human Rights) a’zo davlatlardagi saylovlarni kuzatadi. 16 noyabr kuni idora bayonot chiqarib kuzatuvchilari Rossiyaga kirishga viza ololmayotganidan shikoyat qilgan.
Saylovlarni kuzatuvchi idora so’zlovchisi Urdur Gunnarsdottir shunday deydi:
"Biz Davlat departamentiga bo’ysunmaymiz. Barcha 56 a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari bilan bir xil aloqaga egamiz. Ular bilan doim muloqotda bo’lamiz. Biz ularning barchasiga bo’ysunamiz."
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatish bilan shug’ullanadigan guruhi Rossiyada saylovoldi kampaniyani kuzata olmaganidan afsusda.
Moskvadagi Yangi Yevrosiyo jamg’armasi tadqiqotchisi Andrey Kortunovning Amerika ovoziga aytishicha, Qo’shma Shtatlarni tanqid qilish Rossiyada an’anaga aylanmoqda.
"Putinning bunday munosabati shundan dalolat berib turibdiki," deydi Kortunov, "Kreml saylovlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini istaydi. Moskva-Vashington aloqalari kelasi yili AQShda bo’ladigan prezident saylovlaridan so’ng yaxshilanishi mumkin."
Rossiya 2 dekabrga rejalangan parlament saylovlarini kuzatish uchun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining 70 nafar vakilini taklif qilgan. Bu 2003 yilda bo’lgan saylovlardagi kuzatuvchilar sonidan deyarli olti baravar kam. Tashkilotning barcha a’zolari 1990 yilda qabul qilingan shartnomaga ko’ra, har bir saylovga uning kuzatuvchilarini taklif qilishi kerak.
Rossiyadagi saylovlarni xorijlik boshqa mutaxassislar ham kuzatadi.