Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert va Falastin prezidenti Mahmud Abbos Annapolisdagi Yaqin Sharq tinchlik anjumanida bunga va'da bergan.
Bush ma’muriyati Isroil va Falastin rahbarlarini Annapolisdagi tinchlik anjumanidan unumli foydalanishga chaqirmoqda. Isroil Bosh vaziri Yahud Olmertning aytishicha, agar falastinliklar o’z davlatiga ega bo’lmasa, ularning Isroildagi huquqlari inobatga olinishi kerak va bu yahudiylar davlatining yemirilishiga olib keladi.
"Muzokaralarni davom ettirishga ahd qilgandan keyin natijaga intilish kerak," deydi AQSh Davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedli. "Falastin davlati barpo etilmasa, zo’ravonlik va terrorni targ’ib qilayotganlar qo’liga qurol tutqazgan bo’lamiz."
Muzokaralarning muvaffaqiyatli o’tishiga qator omillar ta’sir qiladi, deydi Xedli. Birinchisi Isroildagi jamoatchilik fikri.
"Odamlar Buyuk Isroil davlatini qurish niyatidan voz kechib bo’lgan. Ularga G’arbiy Sohil kerak emas. Ilgari Falastin davlatining barpo etilishiga qarshi turganlar bugunga kelib bu g’oyani qo’llab-quvvatlamoqda."
Yana bir omil, deydi AQSh rasmiysi, Mahmud Abbosning Falastin xalqi yetakchisi sifatidagi yutuqlari.
"Ular mustaqil davlatga terror bilan erishib bo’lmasligini anglab yetgan. Isroil bilan muzokara qilishga, u bilan tinch va totuvlikda yashashga tayyor."
AQSh prezidenti Falastin va Isroilga bu borada yordam berishini ta’kidlagan.
Mutaxassislar fikricha, Quddus maqomi ikki tomonlama muzokaralardagi eng murakkab masala bo’ladi.
Quddus asrlar davomida musulmon, nasroniy va yahudiylar uchun muqaddas shahar hisoblangan. Tarix bu shahar uchun ko’plab urushlarga guvoh. So’nggi uch ming yil ichida Quddus 30 marotaba qo’ldan-qo’lga o’tgan.
Shahar maqomi bo’yicha munozaralar bugun ham davom etmoqda.
Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yilgi Olti kunlik urushda Suriyadan tortib olgan.
Falastinlik Grek pravoslav cherkovi ruhoniysi Atalla Xannaning aytishicha, Quddus bashariyat va insoniyat uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
"U arablar va falastinliklar uchun muhim. Shahar Isroil okkupatsiyasidan ozod bo’ladi deb umid qilaman," deydi nasroniy ruhoniy.
Bu yerda yashaydigan yahudiylar ruhoniy so’zlariga qo’shilmaydi. Asli ukrainalik Mark Bar-on ismli bu odam Isroilga 35 yil ilgari ko’chib kelgan.
"Nega Quddusni bo’lish kerak ekan? Quddus barcha yahudiylar shahri. Uni qayta qurish uchun ko’p zahmat chekkanmiz," deydi u.
Isroil hududida yashovchi falastinliklar maxsus guvohnomaga ega. Usiz Isroilga kirish yoki unda yashash mumkin emas. Agar Sharqiy Quddus falastinliklar nazorati ostiga o’tmasa, xalq qiyin ahvolga tushadi, deb hisoblaydi mahalliy arablar.
Quddusning arablar mahallasida yashovchi Ibrohim Shabanening aytishicha, Sharqiy Quddus yangi Falastin davlati poytaxtiga aylanishi, arablar va yahudiylar esa totuvlikda yashashi kerak.
Isroilning yaxlit Quddus ustidan boshqaruvi uchun kurashayotgan ayrim yahudiy tashkilotlar Bosh vazir Yahud Olmert shaharning sharqiy qismini falastinliklarga berib yuboradi degan xavotirda. Ularning fikricha, Olmert 1995 yili Quddus hokimi sifatida shaharni bo’lmaslikka va’da bergan.