Saylovlar arafasida O'zbekistonda nazorat kuchaygan

O’zbekistonda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, mamlakatda tartib-nazorat kuchayganligi ko’zga tashlanadi. Aksariyat o’zbekistonliklar bu safar ham amaldagi prezident Islom Karimov saylanishiga ishonchi komil.

Saylov uchastkalari mas’ullari-yu, joylardagi hokimlar butun kuchni aynan shu nomzodni targ’ib-tashviq etishga sarflamoqda.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, ayni paytda prezidentlikka da’vogar yana uch nomzodning silliq dasturlari bir-biriga o’xshash. Ularda asosan shu kungacha erishilgan yutuqlar tilga olinadi. Yangicha qarash va takliflar kuzatilmaydi. Shu sababli saylovchilar e’tiborini torta olmayotir.

Ayrim paytlari televizor orqali namoyish etilishi lozim bo’lgan, ommaviy intiqlik bilan kutilayotgan turk serialining navbatdagi qismi o’rniga ham Markaziy saylov komissiyasi axboroti yoki biron prezidentlikka nomzod bilan uchrashuv namoyish etilmoqda.

Shu jarayonda nomzodlarning umumiy gaplar bilan chegaralanib qolayotgani esa ko’pchilikni qoniqtirmaydi, deydi ba’zi kuzatuvchilar.

Jumladan, sobiq O’zbekiston kommunistik partiyasi vorisi bo’lgan Xalq demokratik partiyasi nomzodi Asliddin Rustamov o’z shaxsidan ko’ra partiya nufuzini ustun qo’yishini bildirishga shoshdi:

“Saylov kampaniyasining faol qismiga kirishar ekanmiz, shuni yaxshi uqib olishimiz kerakki, saylovda ishtirok etish uchun ruxsat faqatgina O’zbekiston XDPdan ko’rsatilgan nomzodgagina emas, balki Markaziy saylov komissiyasi bu masalada qabul qilgan qarorga muvofiq O’zbekiston Xalq demokratik partiyasiga ruxsat etilgan".

Uning fikricha, mazkur partiya bu siyosiy bellashuv va siyosiy yetuklik maktabini o’tashi lozim. Bu hammamizning ishimiz, deydi prezidentlikka nomzod Asliddin Rustamov.

Ayrim o’zbekistonliklar fikriga ko’ra, tashviqot ishlarida faqat birgina nomzodga ovoz berish zarurligi targ’ib etilmoqda. Bu esa yuqoridan bo’lgan ma’lum ko’rsatmalar orqali amalga oshirilayotgani aytiladi. Toshkentdagi ba’zi saylov uchastkalari raislari so’zlaridan ham buni anglash mumkin:

“Mana hammamizga ma’lumki, saylov jarayoniga tayyorgarlik ishlari olib borilayapti. Bizning saylov uchastkamizda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Uchastkamizga kiraverishda saylov burchagi tashkil qilingan. Saylov burchagida komissiya a’zolarining vazifalari taqsimlab berilgan, shu bilan birga nomzodlarning ro’yxatlari keltirilgan. Eng asosiysi, bu yerdagi har bir saylov uchastkasi xodimlari o’ziga biriktirilgan uylarga borib, muntazam ravishda ular bilan muloqotda bo’lib turishibdi. Albatta, bu narsalar o’sha ma’lum bir ko’rsatmalar bo’yicha amalga oshiriliyapti”, - deydi saylov uchastkasi raisi.

Holbuki, shusiz ham ayrim saylovchilar mamlakatning aynan bugungi rahbariga nisbatan ishonchni yashirmaydi. Ularning fikricha, bugungi kunda prezident atrofidagi amaldorlargina yaxshi ish olib bormayapti ekan, xolos.

Bunday saylovchilar hatto O’zbekiston uchun prezident bilan bir yoqadan bosh chiqarib ishlaydigan bitta siyosiy partiya yetarli, degan fikrda.

“Prezidentimizning ma’ruzalari, xalqqa qilayotgan g’amxo’rligi, vatanimizni yaxshilikka intilishda gapirayotgan gaplari yaxshi-yu, lekin qo’l ostidagi ayrim rahbarlari buni amalga oshirmasdan, xalqni davlatdan, bu hukumatdan norozi qilib qo’yish hollari uchrayapti. Qani bizda bu adolat, haqiqat"?

Mustaqillik har kim o’zi bilganicha ish qilsin degani emas deydi ayrim saylovchilar.

"Beshta partiyaning nima keragi bor. Biz hali u darajaga yetganimiz yo’q. Bitta yagona partiya bo’lib, prezident bilan bir yoqadan bosh chiqarib, mana bu o’g’rilik, poraxo’rlik, fohishabozlik, yangi shakillanayotgan qulchilikka barcha kurashsa bo’lmaydimi?”, - deydi fuqarolardan biri.

O’zbekistonda qadimiy an’ana, qadriyat sifatida qayta tiklangan mahalla tizimi ayniqsa saylov jarayonida saylov uchastkalariga har tomonlama ko’mak bermoqda. Aynan mahalla vositasida saylov uchastkalarida domkomlar, faollar saylovchilarga kim uchun ovoz berish maqsadga muvofiq ekanini tushuntirishmoqda. Poytaxtdagi saylov uchastkalardan birining mas’uli Gulnora Bobojonova bu haqda shunday deydi:

"Bizning uchastkamizda saylovga tayyorgarlik judayam yaxshi ketmoqda. Hamma partiyalarga bir xil tarzda ketyapti targ’ibot-tashviqot ishlari. Bunda bizning domkomlarimizning ishlari judayam a’lo darajada. Chunki ular targ’ibot-tashviqot ishlaridayam, aholining ruhiyatini ko’tarishda ham bizga katta yordam berishyapti".

Mahallaning yordami, deydi u, bizga katta bo’ldi.

"Jumladan, bizlar ko’pgina uchrashuvlarda ishtirok etdik aholi bilan. Saylovchilar nomzodlar haqida ma’lumotlarni juda ma’nili, to’liq tarzda olishmoqda. Endi ishda bo’lgani sababli mana shu uchrashuvlarga qatnasha olmaganlar, albatta, yo’l-yo’lakay kirishib, “bizlar kimga ovoz beramiz?” deb bizning mahalla, saylov uchastkasiga kelgan fuqarolar ham albatta bo’lgan. Bizlar ularga yetarli ma’lumotni berishga yordamlashganmiz”, - deb aytadi G. Bobojonova.

Saylovoldi tadbirlari manzarasida mamlakat ichkarisida xavfsizlik choralari kuchaytirilgani ham ko’zga tashlanadi. Bu holni ayniqsa ko’cha-ko’ylarda militsiya xodimlari va oddiy fuqaro kiyimidagi nazoratchilarning ko’paygani bilan izohlash mumkin.

Ayrim kuzatuvchilariga ko’ra, mahallalarda ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Mahalla fuqarolar yig’ini kengashi tomonidan joriy etilgan navbatchi posbonlar mahalla yoshlaridan tashkil topmoqda. Mahalla faoli Akbarxo’ja Olimov bu hol sababini shunday izohlaydi:

“Har bir mahallaga militsiya qo’yib qo’riqlash emas. Har kim o’zining ko’chasini, o’zining mahallasini qo’riqlasin. Ana shu ma’noda o’sha mahallalardagi yoshlar, kuchga to’lgan g’ayratli yoshlarimiz ishdan keyin, o’qishdan keyin navbat bilan chiqishib, mahallalarda, guzarlar atrofida yursin. Begona odamlar kelib, g’ayriqonuniy ishlarini amalga oshirib yoki buzuq niyatlarini amalga oshirmasligining oldini olish uchun yoshlarimiz harakatda. Kechasiyu kunduzi mahallamiz nazoratda”, - deydi mahalla faoli A. Olimov.

Ba’zi o’zbekistonliklar fikricha, saylovoldi tadbirlari manzarasida qo’shni davlatlar bilan chegaralarning qattiq nazoratda saqlanayotgani ham kuzatiladi.