AQShda saylov kampaniyasi qizg’in davom etar ekan, prezidentlikka nomzodlar asosan mamlakat ichki siyosati haqida gapirmoqda.
Biroq ikki davlatda olib borilayotgan urush, tabiiyki, kundalik masala. Nomzodlar tashqi siyosatni qay tomonga burmoqchi ekani haqida ham va’z aytmoqda.
Yaqinda AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasining Al-Qoidaga a’zo ikki shaxsni so’roq qilish jarayoni tushirilgan videokassetalarni yo’q qilgani ma’lum bo’ldi.
Vietnam urushi qatnashchisi, respublikachi nomzod Jon Makkeyn (John McCain) mahbuslarga nisbatan munosabatni tanqid qilayotganlardan.
“Bu kassetalarning ataylab yo’q qilingani shubha uyg’otishi aniq. Shuningdek, AQShning xalqaro sahnadagi obro’siga putur yetadi,” - deydi Makkeyn.
Lekin prezidentlikka boshqa respublikachi nomzodlar Bush ma’muriyatining terrorchilarga munosabatini ma’qullaydi.
Demokrat qonunchilar esa hukumatni inson huquqlarini toptashga ayblaydi. AQShning Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini yopish kerak, deydi ko’pchilik.
Nomzodlar tashqi siyosat haqida gapirganda laqqa tushmang, deya ogohlantiradi siyosatdon Maks But. Prezidentlik poygasi qaynab turgan bir paytda katta bayonotlarga ishonib o’tirmang. Prezident bo’lgach bu gaplar ko’pincha unutiladi, deydi u.
Janob But ta’biricha, hokimiyat almashganda tashqi siyosatda davomiylik bo’lishi odatiy hol. Lekin uning hamkasbi Piter Beinert boshqacha fikrda.
“To’g’ri, AQSh tashqi siyosatini ko’pincha yirik va muhim voqealar belgilaydi. Shuningdek, siyosatda yillar davomida o’zgarmay kelayotgan yo’nalishlar bor. Biroq bu voqealarni tahlil qilish, ularga baho berish ham kerak,” - deydi Beinert.
Masalan, yaqinda AQSh razvedkasi Eron yadro quroli yaratishga doir dasturini 2003 yilda to’xtatgan deya xulosa qildi. Nomzodlar bunga turlicha munosabat bildirdi.
Demokrat senator Jo Bayden (Joe Biden) nazarida prezident Bushning “Eron xavfli davlat” deya sarosimaga tushishi Iroq urushidan oldingi vaziyatni eslatadi.
Eron, deydi Bayden, muammoli masala, lekin uchinchi jahon urushini boshlaymiz deyayotgani yo’q. AQSh yadroviy urush yoqasida ham turgani yo’q.
Respublikachi nomzodlarning aksariyati esa Eron yadro qurolini qo’lga kiritishi mumkin deya, qattiqqo’l siyosatni ma’qullaydi. Nyu-York sobiq hokimi Rudi Juliani (Rudy Giuliani) AQSh Eronga bosimni ushlab turishi lozim demoqda.
Hozirda Ayova hamda Nyu-Gempshir shtatlarida prezidentlikka nomzodlarni tanlash bo’yicha ilk yig’inlar o’tmoqda. Saylov 4 noyabrga belgilangan.