AQShda sport ustalari nazoratsiz yoshlarni qaramog'iga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Boks bo’yicha sobiq jahon chempioni ko’chada qarovsiz yurgan bolalarni chorlab, sport olamiga olib kirmoqda.

Vashingtonda tashkil etilgan markazda o’smir bolalar boksdan saboq oladi. Maktabda berilgan topshiriqlarni ham bajarishni kanda qilmaydi. Boks markazi muallimlari bunga ko’z-quloq bo’lib turadi.

Bokschi Kili Tompson bolalarning jinoiy guruhlarga qo’shilib, to’g’ri yo’ldan ozganiga ko’p marotaba guvoh bo’lganman deydi.

Bunga ortiq chiday olmagan sportchi Vashington shahar ma’murlari yordamida chora izlay boshladi.

“Kili Boks va Yoshlar Markazi” ana shu hamkorlik mahsuli. Boks bo’yicha sobiq jahon chempioni Kili Tompson markaz direktori.

“Boks markaziga keladigan bolalardan ko’pining yo otasi, yo onasi yo’q. Ba’zilari o’qimagan. Ularni xat-savodli qilamiz, jismonan va ruhan chiniqtiramiz”.

Bolalar bu yerga boksni o’rganishga keladi. Biroq barcha uchun qoida bir - maktabdagi darslarni tugatib bo’lgach boks markaziga kelish mumkin. Markaz muallimlari ayniqsa, o’qish va notiqlik qobiliyatini rivojlantirish zarur degan fikrda. Markaz trenerlari bolalarni har jihatdan qo’llab-quvvatlashga, ularga mehr ulashishga harakat qiladi.

“Bolalar bir og’iz shirin so’zga zor. Ko’pining ota-onasi bir nechta joyda ishlaydi. Ba’zilari umuman ishsiz. Bu yerda esa butun diqqat-e’tibor, muhabbat ularga qaratilgan. Bolaga yordam berishning birgina yo’li shu”.

Markaz talabalaridan biri, Kennet Brauni Tompson Kili markazi hayotimni o’zgartirdi deydi.

“Bezorilar to’dasiga qo’shilib qolgan edim. Ko’chada o’tgan-ketganni turtib, do’pposlab yurar edik. Hatto narkotik iste’mol qilgan paytlarimiz ham bo’lgan. Guruhdan chiqib ketganimdan xursandman”.

Hozir Brauni markaz xodimi. Kili Tompsonning dasturi yordamida ichishni, narkotiklarni tashlagan. Boksda ham anchagina malakasi oshgan. Kelasi yildan boshlab professional bokschilar musobaqasida ishtirok etmoqchi.

“Boks odamga faqat urushishnigina o’rgatmaydi. Odam sabr-toqatli, intizomli bo’lishga odatlanadi. Bokschilar irodali va qobil insonlar. Istagan odamni bir qo’li bilan yenga olsa-da, mushtini o’ylab ishga soladi”.

Bitiruvchilarning ko’pi kollejga kirgan. 6 nafari bokschilarning Golden Gloves – Oltin qo’lqop musobaqasida g’olib bo’lgan. Bitiruvchilar soni 1700 kishidan oshgan.

Bolalar kuni bilan ringda boksga tushib, mashq qilish bilan ovora. To’dalarga qo’shilishga ularning vaqti ham, madori ham yo’q.