Qo’shma Shtatlar, Rossiya qarshiligiga qaramasdan, Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatishga bel bog’lagan.
Polsha Mudofaa vaziri Bogdan Klich mavzuni Vashingtonda muhokama qilgan. Polsha o’z armiyasini zamonaviylashtirish uchun AQShdan yordam olmoqchi.
AQSh rejasiga ko’ra mudofaa tizimi Polsha va Chexiyada o’rnatilishi lozim. Lekin Polshaning Bosh vazir Donald Tusk boshchiligidagi yangi hukumati ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda.
Pentagon so’zlovchisi Jeff Morrel AQSh rejalagan mudofaa tizimi Yevropa xavfsizligi uchun katta ahamiyat kasb etadi deydi.
Polsha Mudofaa vaziri Bogdan Klichning aytishicha, uning mamlakati bunday tizimdan qanday foyda va zarar ko’rishi haqida o’ylab ko’radi. Polsha xususan AQSh yordamida havo kuchlarini yangilamoqchi.
Polsha mudofaa sohasida AQShdan katta ko’mak oluvchi davlatlardan biri. 2001 yildan beri Polshaga salkam bir milliard dollarga teng harbiy yordam berilgan.
AQShning bildirishicha, Polsha va Chexiyada o’rnatilishi rejalanayotgan tizim Erondan himoya vositasidir. Biroq Rossiya bu bayonotlarga ishonmaydi.
Polsha Iroqdan 900 askarini chiqarishini ham e’lon qilgan. Afg’onistonda 1600 polshalik zobit koalitsiya tarkibida xizmat qilmoqda.