Qozog’iston poytaxti Ostonada germaniyalik jurnalist Markus Bensman qattiq kaltaklangan. Uni da’volanish uchun Germaniyaga maxsus samoloyotda jo’natishgan. Markus Bensmann o’zbekistonlik jurnalist Galima Buxarbayevaning turmush o’rtog’i.
Galima ham, Markus ham 2005 yil Andijon voqealarini yoritib tanilgan jurnalistlardan. 13 may kuni ular Andijonda bo’lgan va chetga chiqqach voqeaning O’zbekiston hukumati talqiniga qarama-qarshi tafsilotlarini xalqaro jamoatchilikka bayon etgan.
Galimaning aytishicha, Markus Ostonaga Qozog’iston iqtisodiyoti haqida material tayyorlash uchun borgan, biroq shanbadan yakshanbaga o’tar kechasi bir necha kishi hujumiga uchragan. Jinoyatchilar uni kaltaklab bir necha suyagini sindirgan, butunlay o’marib, hattoki poyabzalini ham yechib olib, jurnalistni deyarli minus 20 darajali sovuqda ko’chada tashlab ketgan. Natijada Markus Bensmanning tanasi muzlagan.
Galima Buxarbayeva turmush o’rtog’ining ahvolini qoniqarli deya baholamoqda.
Ba’zilar hujumga O’zbekiston xavfsizlik kuchlari aloqador degan taxminlar bilan chiqdi. Biroq Galimaning o’zi bunday hisoblamaydi.
"Men bu oddiy bir bezorilik degan fikrdaman," deydi u Amerika Ovozi bilan suhbatda.
Shunga qaramay ayrim xalqaro tashkilotlar Qozog’iston hukumatini voqea bo’yicha sinchkov tergov qilishga chaqirmoqda.