AQShning Afg’onistondagi qo’mondonlaridan biri, general-mayor Deyvid Rodrigezning aytishicha, Tolibon va al-Qoida o’z diqqatini ko’proq Pokistonga qaratib, birgalikda Pokiston kuchlariga qarshi harakat qilmoqda.
General Rodrigez ta’biricha, al-Qoida va Tolibonning uzoq muddatli maqsadlari hamohang bo’lmasa-da, qisqa muddatli maqsadlar yo’lida hamkorlikni yaxshi yo’lga qo’ygan. Ular qayerda ishlash qulay bo’lsa, o’sha yerda harakat qilmoqda. Ayni damda Pokiston ana shunday qulay joyga aylangan.
Asosan o’tgan ikki oy ichida bu yaqqol ko’zga tashlanadi. Ayniqsa poytaxt Islomoboddan shimolda joylashgan Svot vodiysida.
"Al-Qoida va Tolibon tayyorgarlikdan tortib razvedka ma’lumotlarini ulashishgacha hamkorlikni kuchaytirgan," deydi AQSh generali.
Jangarilar diqqati Pokistonga qaratilgani uchun ham Afg’onistonda ularning faoliyati ancha susaygan, deydi u. Biroq bu bahor kelib Afg’oniston sharqida xurujlar jonlanmaydi, degani emas. Avvallari jangarilarni faqatgina Afg’oniston uchun tahdid deb ko’rgan Pokiston harbiy rahbarlari endilikda Pokiston ham ularning nishoniga aylanganiga guvoh bo’lmoqda, deb hisoblaydi Rodrigez.
"Pokiston jangarilarga qarshi kurash usullarini o’zlashtirishga harakat qilmoqda."
Qo’shma Shtatlar Pokiston bilan razvedka ma’lumotlari almashinib turibdi, biroq AQShning Pokiston ichida harakatlanishiga hozircha ruxsat yo’q, deydi asosan AQShning Afg’oniston shimoli-sharqida joylashgan kuchlariga qo’mondonlik qilayotgan general Rodrigez.