Islomobod xohlasa, AQSh Pokistonga qo'shin jo'natadi

  • Amerika Ovozi

Pokiston g’arbida panoh topgan Al-Qoida guruhi avval, asosan, Afg’onistonni nishonga olgan bo’lsa, hozir asta-sekin Pokiston ichkarisiga kirib bormoqda. Pokiston hukumati xavfsizlik choralari ustida o’ylanmoqda. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Qo’shma Shtatlar har qanday yordamga tayyor deydi:

Pokiston qo’shini malakasini oshirish yoki qo’shma operatsiyalar o’tkazishda bizga tayansa bo’ladi, deydi u.

Zarur bo’lsa, Pokistonga harbiy bo’linmalar jo’natishimiz mumkin. Pokiston suveren davlat, deya mulohaza qiladi Robert Geyts, ajnabiy askarlarni o’z hududiga kiritish yoki kiritmaslik borasida mustaqil qaror qabul qilishga haqli. Rasmiy Islomobod nima desa, shu bo’ladi, deydi Geyts.

Hozir Pokistonda Qo’shma Shtatlarning kamsonli harbiy bo’linmasi xizmat qilmoqda. Askarlar sonini oshirish xalq orasida e’tiroz tug’dirishi mumkin, deb hisoblaydi AQSh rasmiysi.

“Pokiston xalqining fikri bilan hisoblashish, har bir qadamni puxta o’ylab bosish kerak”, - deydi vazir.

Parvez Musharraf o’rniga Pokiston armiyasi qo’mondoni lavozimini egallagan Ashfaq Kayani mamlakat harbiy strategiyasiga ayrim o’zgarishlar kiritmoqda.

Xususan, armiya e’tibori avval Hindistonga qaratilgan bo’lsa, hozir Pokiston ichidagi jangarilarni qirish – ustuvor vazifaga aylangan.