AQShda qanday qilib shifokor bo'lish mumkin?

Amerikada shifokor bo’lish uchun avvalo kollej yoki universitetga kirish kerak. Kasb sirlari 120 dan ziyod ta’lim maskanlarida o’rgatiladi.

Universitetlar haqida axborot to’plashning turli yo’llari bor. Shulardan biri Prinston haftanomasi (Princeton Review) bo’lib, unda kollejlar, o’quv dasturlari va ish o’rinlari haqida mufassal ma’lumot beriladi.

Ko’pchilik yoshlar biryo’la 5-10 ta kollejga hujjat yo’llaydi. Qancha ko’p joyga topshirsa, shuncha yaxshi. Talaba dastlab kirish imtihonini (Medical College Admission Test) topshiradi. Bu testni topshirish shartlari va manzilini Amerika Tibbiy Kollejlar Uyushmasi veb-sahifadan topasiz: www.aamc.org.

Imtihonda studentning mantiqiy fikrlash qobiliyati, fiziologiya, biologiyadan bilimi va insho yozish mahorati sinaladi.

Vrach bo’laman deganlar biologiya, kimyo kabi fanlarni chuqur o’rganadi, ba’zilari universitetga kirishdan oldin tibbiy muassasada 1-2 yil ish o’rganadi.

Kirish sinovlaridan yana biri – intervyu-suhbat. Kollej rasmiysi talaba bilan suhbatda uning shaxsiyati, fe’l-atvori, maqsadi va qarashlarini o’rganadi.

Tibbiy ta’lim juda qimmat. Bir yillik o’qish bahosi 40 ming dollar bo’lishi mumkin. Ko’p studentlar qarz olib, uni keyin yillar davomida uzadi.

Ba’zi amerikaliklar doktor bo’lish uchun AQSh armiyasi, dengiz yoki havo flotiga ishga joylashadi. Ular Merilend shtatidagi Edvard Xebert Tibbiyot Maktabida (F.Edward Hebert School of Medicine of the Uniformed Services University of the Health Sciences in Bethesda, Maryland) bilim oladi.

O’qish bepul. Evaziga universitetni bitirgach, 7 yil davomida hukumatga ishlab berishlari kerak. Talabalar harbiy yoki favqulodda sharoitda vrach bo’lib ishlashni o’rganadi.

Amerikada doktorlar eng ko’p maosh oladigan mutaxassislardan. Ayniqsa, katta shaharlarda ishlasangiz.

O’qishning dastlabki 2 yilini talaba sinfxona-auditoriyada o’tkazadi, odam anatomiyasi va kasalliklarni farqlashni, 3-bosqichda esa kasalxonada bemorlar bilan muomalani o’rganadi. 4-bosqich talabasi gospital va boshqa tibbiyot muassasalarida amaliyot o’tay boshlaydi. Ularni odatda intern yoki resident deb atashadi.

Rezidenturadagi student bir oy jarrohlikni, ikkinchi oy bolalarni davolashni, uchinchi oy esa tez yordamda ishlashni o’rganishi mumkin. Bu orada qaysi sohani tanlashni hal qiladi - kardiolog, onkolog, pediatr, neyroxirurg, ilmiy xodim va hokazo.

AQSh Fanlar Akademiyasining Tibbiyot instituti ma’lumotiga ko’ra Amerikada shifokorlar xatosi tufayli yiliga 44 ming kishi vafot etar ekan. Internatura, amaliyot chog’ida ba’zi talabalar kasalxonada 36 soatlab qolayotgani aniqlangach, qoidalar o’zgartirilgan.

Ammo bugungi kunda ham amaliyot o’taydigan student og’ir sharoitda ishlaydi. Xizmatlar qimmatligi bois bemor kasalxonada juda kam vaqt o’tkazadi. Talaba esa qisqa vaqt ichida ko’p ma’lumotni o’rganib ulgurishi kerak.

Amerikada ta’lim olish imkoniyatlari haqidagi ruknimizni kuzatib boring. Savollar uchun manzilimiz uzbek@voanews.com. Amerikaovozi.com sahifasidan bu borada atroflicha ma’lumot olishingiz mumkin.