Eron O'zbekiston bilan yanada yaqinlashish niyatida

Eron islomiy inqilobining 29 yilligi munosabati bilan respublikaning Toshkentdagi elchixonasi ikki davlat o`rtasida oliy maqomdagi tashrif kutilayotganini bildirgan. Biroq tashrif tafsilotlari aniq emas.

Elchixona O`zbekiston va Eron aloqalarining izchil rivojlanayotganini, ayniqsa Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) doirasidagi muloqot davom etayotganini ta`kidlagan.

Eronning tashkilotga a`zo bo`lish imkoniyatlari yuzasidan turli fikr-mulohazalar mavjud. Bu borada O`zbekiston aniq pozitsiya bildirmagan.

Matbuot anjumanida aytilishicha, Eron va O`zbekiston aloqalari transport yo`nalishlarini kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikriga ko`ra, Eron avvaldan Markaziy Osiyoda islomiy inqilob targ'ibotchisi sifatida ko’rilgan.

"Sovetlar davrida rahbarlar islomiy inqilob O`rta Osiyoga tarqaladi deb nihoyatda qo`rqar edi. Bu yo`nalishda choralar ko`rar edi. O`zbekiston mustaqilikka erishgach, Eron bilan aloqalar rivojlanayapti deb bo`lmaydi. Transport magistrallarini rivojlantirishda ham O`zbekiston o`ta ehtiyotkorona siyosat yuritmoqda", - deydi jamiyatshunos.

Siyosatshunos Muqimjon Qirgizboyev Eron xalqaro izolyatsiyadan chiqish uchun faol harakat qilyotganini ta`kidlaydi.

"Eronga oid vaziyatni geosiyosiy jihatdan tahlil qilganda, AQSh bilan bo`lgan keskin ziddiyatli munosabatlar Eronni ko`proq Rossiya va Xitoy bilan yaqinlashishga majbur qilmoqda. Eron mintaqada rivojlangan, barqaror mamlakatga aylanish uchun uni qo`llab-quvvatlab turadigan davlatlar tuzulmasiga qo`shilishni afzal deb bilayapti. Buni Eronning ShHTga a`zo bo`lishga intilayotganidan ham ko`rish mumkin", - deydi Qirg`izboyev.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning Eronga tashrifidan so`ng Tojikiston Eronni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo bo`lishini qo`llab- quvvatlashini, bu borada a`zo davlatlar bilan muzokara yuritishini bildirdi.

Jamiyatshunos Komron Aliyevning aytishicha, Tojikistonning bu boradagi harakatlari faqat siyosiy bayonot bilan cheklanishi mumkin.

"Rossiya va Xitoyning strategik siyosati shundan iboratki, janub va O`rta Osiyo aloqalari imkon qadar uzoq bo`lishi kerak. Ayniqsa, atom quroliga ega bo`lmoqchi bo`lgan, Isroil va Falastin munosabatlarida ishtiyoqi bo`lgan Eronni izolyatsiyaga olish tarafdori. Imomali Rahmonning so’zlari esa Erondan yordam olish niyatida qilingan bayonot bo`lishi mumkin. Yoki Eron bilan qo`rqitib, Rossiyadan, Xitoydan yordam olmoqchidir. Lekin Eronning ShHT ga a`zo bo`lishi mavhum, yaqin o`rtada amalga oshmaydi", - deydi jamiyatshunos.

Kuzatuvchilar nazarida mintaqaning janub bilan bog`lanishi ko`p jihatdan Erondagi vaziyatga bog'liq.