Kubadagi AQShga tegishli Guantanamo bazasi azaldan ko’pchilikni o’ylantirib kelgan.
2001 yilning 11 sentyabri ketidan esa inshootga jahon e’tibori ham oshgan. Chunki u yerda terrorda gumon qilinib, yuzlab mahbuslar saqlanadi. Ko’piga rasmiy ayblovlar qo’yilmagan. Matbuot sahifalarida bu qamoqxona qiynoqlar makoni sifatida ham tanilgan.
Vashington buni rad etib keladi va mahbuslarni qiynoqqa solmaslik qonunda belgilangan deydi.
AQSh Mudofaa vazirligi Guantanamodagi asirlardan olti nafariga 11 sentyabr xurujlarini uyushtirganlik aybini qo’ymoqda. Harbiy prokurorlar ayblanubchilar o’limga mahkum qilinsin deydi.
Bu olti kishi, rasmiylar nazarida, Guantanamodagi eng asosiy mahbuslardan. Pentagon ular birga sudlansin va birdek jazo olsin deb chiqmoqda.
Harbiy tribunal avvalo bu shaxslarning ishini ko’rib chiqishi shart, deydi general Tomas Xartmann, AQSh harbiy tribunali bosh sudyasi maslahatchisi.
"AQSh Mudofaa vazirligi shuni ma’lum qiladiki, bu olti kishi 2001 yilning 11 sentyabrida sodir etilgan terror xurujlarini rejalashtirganlikda va amalga oshirishda hissa qo’shganlikda gumon qilinmoqda",- deydi u.
Mahbuslar qotillik, terrorizm va uyushgan maxfiy harakatlarda ayblanmoqda. Aybdor deb topilsa, ular o’lim jazosi bilan yuzlashadi.
"Ayblovlarga ko’ra, Al Qoida AQShga qarshi hujum qilish uchun uzoq-muddat, o’ta mukammal va puxta reja tuzgan",- deydi Xartmann.
Ayblanuvchilar orasida Xolid Shayx Muhammad bor. Bosh tashkilotchi deydi rasmiylar.
Bush ma’muriyatining tan olishicha, Guantanamoda mahbuslarni so’roq qilish paytida ularga nisbatan suvga sun’iy cho’ktirish usullari qo’llangan.
Xolid Shayx Muhammad va yana ikki mahbusdan shu tarzda ma’lumot olingan, deydi tergovchilar.
"So’roq qilish usulining ta’siri, jumladan suvga cho’ktirish masalasi sud tomonidan hal etiladi",- deydi Xartmann.
Qolgan besh ayblanuvchilardan – Ramzi bin al-Shibh, Al-Qoida va samolyotlarni olib qochganlar orasida vositachilik qilganlikda; Ali Abdul al-Aziz, 100 ming dollar berib, ularning AQShga safarini rejalaganlikda; Mustafo Ahmad al-Havsaviy, samolyotlarni olib qochgan kishilarni pul, kiyim-kechak va kredit kartochkalar bilan ta’minlaganlikda ayblanadi. Muhammad al-Qahtani va Valid bin Attash ham terror harakatida ayblanmoqda.
Pentagon da’vosi harbiy sudya tomonidan ko’rib chiqilishi kerak. Masala sud muhokamasiga qo’yilsin deya qaror qilinsa, bu Guantanamodagi mahbuslarning ilk bor jinoyatga tortilishi bo’ladi.
AQShda Guantanamo yopilsin, mahbuslar xalqaro sudga tortilsin deya talab qilayotganlar ko’p. Ammo hukumatga ko’ra uch mingga yaqin amerikalikning yostig’ini quritgan xurujlar ortida turganlar shu yerda jazo olishi lozim.
Guantanamodagi mahbuslar asosan Afg'oniston, Pokiston, Saudiya Arabistoni va boshqa arab davlatlari fuqarolari. Ular orasida g'arbda katta bo'lgan musulmonlar ham bor.
O'nlab mahbuslar vataniga ekstraditsiya qilingan yoki ayblardan oqlanib, Amerika iltimosi bilan boshpana taklif qilgan davlatlarga chiqib ketgan.
Huquq markazlariga ko'ra, Markaziy Osiyodan Guantanamoda 20-30 kishi bo'r. Asosan afg'onistonda jangarilar orasidan qo'lga olinganlar.
Biroq AQSh matbuotiga ko'ra bundan bir yil oldin Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekistondan jami 10 kishi bu qamoqxonada edi.
Pentagon uzoq vaqt mahbuslarning ism-sharifi yoki qayerdan ekani haqida ma'lumot bermagan. AQSh axborot agentliklari mudofaa vazirligini sudga bergach, omma asta sekin asirlar haqida bila boshladi.