AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Vladimir Putinning Ukrainaga nisbatan sha’masini tanqid ostiga oldi. Seshanba kuni Rossiya prezidenti “agar rasmiy Kiyev NATOga yaqinlashsa, Rossiya o’z yadro arsenalini ehtimoliy tahdid sifatida unga qaratishga majbur bo’ladi” degan edi.
Kondoliza Raysning aytishicha, AQSh-Rossiya munosabatlarining qator ijobiy tomonlari bor, jumladan davlatlar Eron va Shimoliy Koreya yadro dasturlari borasida hamkorlik qiladi. Shunga qaramay Rays Senat qo’mitasi oldidagi chiqishida Kremlni NATOga intilayotgan sobiq ittifoqchilariga nisbatan bosim o’tkazayotganlikda tanqid qildi.
AQSh rasmiysi nazarida Kreml Sovet davrida bo’lgani kabi qo’shni davlatlarga ortiq buyruq bera olmasligini anglab yetishi lozim.
"Biz Ukraina va bir vaqtlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgan boshqa davlatlar mustaqilligi va daxlsizligini to’liq qo’llab-quvvatlaymiz. Sovet Ittifoqi endi yo’q va qaytib kelmaydi. Rossiya shuni tushunadi degan umiddaman," deydi Kondoliza Rays.
Aprel oyida Buxarestda bo’ladigan sammitda NATO Xorvatiya, Albaniya va Makedoniyaga to’liq a’zolik, Ukraina va Gruziyaga esa maxsus maqom berish masalasini ko’rib chiqadi.
Senatdagi tinglovda AQSh davlat kotibi asosan Markaziy Osiyo bilan shug’ullanadigan energetika masalalari bo’yicha maxsus vakilni tayinlash rejasi borligini ma’lum qildi.
Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Richard Lugar fikricha, bunday mutaxassis yordamida yonilg’i resurslaridan siyosiy maqsadda foydalanayotgan Rossiya tashqi siyosatiga qarshi siyosat yuritiladi.
Bugun Vladimir Putin o’zining so’nggi yillik matbuot anjumanida seshanba kungi so’zlarini yana bir bor qaytargan. Uning aytishicha, agar Ukraina, Chexiya yoki Polsha o’z hududida AQSh mudofaa tizimini joylashtirishga ruxsat bersa, Rossiya o’z raketalarini ushbu davlatlarga qaratib qo’yadi.