Qo’shma Shtatlar Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari qatorida Kosovo mustaqilligini tan oldi.
Prezident Bush fikricha bu qaror Bolqon yarim-oroliga barqarorlik olib keladi. Rossiya va Serbiya esa Kosovo jahon bo’ylab bo’lginchi harakatlarga namuna bo’ladi deb ogohlantimoqda.
Bush Kosovo xalqini tabriklab, yangi davlat bilan diplomatik aloqa o’rnatilishini bildirgan. Maqsad, deydi u, Bolqonda tinchlikni mustahkamlash.
Bush Kosovoning alban aholisini serblar huquqini himoya qilishga chaqirgan. Uning aytishicha, AQSh va ittifoqchilari Kosovoga mustaqilikka o’tish davrida qo’ldan kelgancha yordamlashadi. Serbiya esa hududiy yaxlitligini saqlab qolishga urinyapti. Rasmiy Belgrad nazarida Kosovoning ajralishi xalqaro qonunlarga zid.
Serbiya Vashingtondagi elchisini chaqirib olgan. Kosovoni tan olgan boshqa davlarlardan ham vakillarini chaqirib olmoqchi.
Fransiya, Britaniya, Belgiya va Italiya Kosovo qarorini qo'llab-quvvatlagan. Ispaniya, Kipr, Gretsiya, Slovakiya va Ruminiya esa qarshi chiqqan.
BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig’ilishida Rossiya Kosovo bayonotini qoralagan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, deydi Serbiya rasmiylari, Kosovo bayonoti qonuniy kuchga ega emas deb e’lon qilishi kerak. Kosovoni 1999 yildan beri BMT va NATO kuchlari nazorat qilib keladi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog’iston mavzu yuzasidan munosabat bildirgan. Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra Qozog’iston Kosovoning bir tomonlama mustaqillik e’lon qilganini yoqlamaydi.
Afg’oniston Kosovo mustaqilligini qo’llab-quvvatlashini bildirgan. Turkiya Kosovoni birinchilardan bo’lib tan olgan.
O’zbekistonlik sharhlovchilar qarashlari esa turlicha:
“Kelajakda Kosovo ham, Serbiya ham bitta tashkilotga - Yevropa Ittifoqiga kiradi va tortishuvlar iziga tushib ketadi. Hozir vaziyatni keskinlashishiga asosiy sababchi Rossiya bo’layapti. Gegemonlik siyosatini o’tkazmoqchi. Xitoy unchalik emas, lekin o’zi shunday muammo borligi uchun ehtiyot bo’lib munosabat bildirmoqda”, - deydi muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o’rinbosari Po’lat Oxun.
“Siyosat” axborot tahlil markazi xodimi Sharofiddin To’laganov fikricha G’arb ko’magida amalga oshgan Kosovo mustaqilligi ziddiyatlarni kuchaytiradi.
“G’arb musulmon davlati mustaqilligini ta’minlamoqchi ekan, Falastinga ham shunday munosabatda bo’lishi kerak. 60 yil bo’layapti-ki Falastinga nisbatan BMT rezolyutsiyasi bajarilmayapti. Kosovo mustaqilligini qo’llagan G’arb bunga ko’z yumayapti. Kosovo - mustaqilikka intilayotgan yoki ayirmachilik qilayotgan guruhlar bor - ana o’shalar uchun alanga vazifasini o’tashi, boshqa davlatlar uchun alanga oladigan o’chog’ bo’lishi mumkin”, - deydi To’laganov.
Rasmiy Toshkentning Kosovo mustaqilligi yuzasidan pozitsiyasi hozircha no’malum. “Birlik” partiyasi faoli Po’lat Oxun:
“O’zbekiston bir tomondan Rossiya, Putin bilan bo’layotgan siyosiy munosabatlarda ochiqdan-ochiq qarama-qarshi bo’lib qolmaslik uchun, ikkinchi tomondan G’arb bilan ham teskari pozitsiyada bo’lmaslik uchun yaqin orada Kosovo masalasida biron ochiq bayonot bermaydi.”
Tahlilchilar nazarida regionda kuzatilgan etnik qirg’inlardan so’ng Kosovoning mustaqillikka erishgani vaziyatni barqarorlashtiradi. Boshqa qarashlarga ko’ra vaziyat keskinlashishi ham mumkin.