AQSh irqiy diskriminatsiyada ayblanmoqda

Inson huquqlari tashkilotlari koalitsiyasi AQShni doimiy tarzda irqiy diskriminatsiyaga yo’l qo'yayotganlikda ayblaydi.

Vashingtonda asoslangan tashkilot BMTning irqiy kamsitilishga qarshi kurashuvchi qo’mitasiga 600 sahifadan iborat tahlilnoma taqdim etgan.

BMTga a’zo 173 davlat, tashkilotning Irqiy diskriminatsiyasiga qarshi kurashuvchi qo’mitasiga bu borada xalqaro konvensiyaga rioya qilayotganini isbotlovchi hisobot topshirib turadi.

1994 yilda qabul qilingan kelishuvni AQSh ham ratifikatsiya qilgan. Mamlakat inson huquqlari va diskiminatsiya masalasida ikkinchi bor taftish qilinmoqda.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi 250 dan ziyod tashkilotlar nazarida AQSh konvensiyani buzib kelmoqda.

“E’tirozlar asosan Katrina to’fonidan keyingi vaziyat bilan bog’liq”, - deydi BMT vakili Ajami Baraka. “To’fondan asosan qo’ra tanlilar jabr ko’rgan. Politsiya ularga zo’ravonlik qilgan. Odamlar uy-joysiz qolib juda qiynalgan. Ularga o’z vaqtida ko’mak bermagan hukumat rasmiylari javobgarlikka tutilmagan”.

AQSh Davlat departamenti vakili Robert Xarris muammolar yo’q emas, ammo AQShda bugun irqiy kamsitish avj olgan deyish noto’g’ri deydi.

“Bunda 50 yil oldin diskriminatsiya qanchalik kuchli bo’lganini bilish uchun AQSh tarixini yaxshi bilishingiz shart emas. Bu illatga qarshi qattiq kurash olib borilgan. Bugun ahvol a’lo darajada demoqchi emasmiz, lekin ancha yaxshi”, - deydi janob Xarris.

AQSh rasmiysi nazarida 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan so’ng politsiya terrorizm xavfi bahonasida fuqarolarni kamsitgan yoki ularga nisbatan kuch ishlatgan bo’lishi mumkin.

Dunyoda irqiy tenglikni targ’ib qiluvchi AQSh burnining tagida bo’layotgan voqealarga ko’z yumayotgani yo’q. Muammoni tan oladi va unga qarshi chora ko’rib kelmoqda, deydi AQSh Davlat departamenti vakili Robert Xarris.

“Beparvolik deyish mumkin biroq hukumat to’fon jabrdiydalarini irqiy kamsitmagan”, - deydi rasmiy.

BMTning 18 a’zolik hay’ati AQSh rasmiylarini ayblovlar yuzasidan so’roqqa tutmoqda. Rasmiy Vashington tanqidlarga qarshi munosabat bildirdi. AQSh 1969 yilda BMT tomonidan qabul qilingan, "Har qanday turdagi irqiy diskriminatsiyani bartaraf etish" konvensiyaga sodiqir, deyiladi Amerika delegatsiyasi bayonotida.