Li Men Bak Janubiy Koreyaning yangi prezidenti sifatida qasamyod keltirdi. Dekabr oyidagi saylovlarda g’olib chiqqan Li poytaxt Seul sobiq hokimi.
Qasamyod marosimida vakolatlari tugagan prezident No Mu Xen, qator davlatlar vakillari va 60 mingga yaqin kishi ishtirok etdi.
Yangi prezident qonun ustuvorligini ta’minlashga va mamlakatini himoya qilishga va’da berdi. Li Men Bak Koreya Respublikasining 17 prezidenti etib saylandi.
Inauguratsiyada qilingan nutqida prezident Li iqtisodiyotni rivojlantirish va Qo’shma Shtatlar bilan aloqalarni yanada yaxshilash haqida gapirdi.
Ikki davlat Ikkinchi jahon urushidan keyin yaqin ittifoqchiga aylangan. Janubiy Koreyada AQShning 28 ming qo’shini bor.
Shimoliy Koreya masalasida ham to’xtalar ekan, yangi saylangan prezident rasmiy Pxenyan bilan yaqindan hamkorlik qilishini aytdi. Buning uchun shimol yadro dasturidan voz kechishi zarur.
Li Men Bakning inauguratsiya marosimida O'zbekiston prezidenti Islom Karimov ham qatnashdi.
Janubiy Koreya O`zbekiston bilan strategik hamkorlik haqida bitim imzolagan davlatlardan biri. Hozirga qadar Janubiy Koreya O`zbekistonga 1 millard dollardan ziyod sarmoya kiritgan. Biroq bu mamlakat tadbirkorlari O`zbekistonda qator muammolardan nolib keladi. Ishsiz o`zbekistonliklar esa Janubiy Koreyaga imkoniyatlar makoni sifatida qaraydi.
Janubiy Koreya O`zbekiston iqtisodiyotida faol ishtirok etayotgan davlatlardan biri. O`zbekiston-Janubiy Koreya hamkorligidagi avtomobil zavodining ishga tushirilishi hamkorlikning yuqori bosqichi sifatida qarab kelinadi.
Janubiy Koreya O`zbekiston energetik zahiralarini aniqlash va qazish loyihalarida ham faol qatnashadi.
Prezident Karimov tashrifi davomida ikki davlat O'zbekistonning Orol dengizi yaqinidagi ikkita gaz konini o'zlashtirish haqida shartnoma imzolagan. Mutaxassislar fikricha, u yerda 4 trillion kubometrdan ziyod gaz zahirasi bor. Bu Koreyaning deyarli to'rt yillik ehtiyojiga teng. Loyiha qiymati 1,84 milliard dollar.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshevga ko`ra O`zbekiston prezidentning safari ko`proq Janubiy Koreya sarmoyasini muhofazalashni nazarda tutadi.
Unga ko`ra Janubiy Koreyaga qarashli kompaniyalar o`z mablag`larini konvertatsiya qilishda katta qiyinchiliklarga uchramoqda.
“Koreya O`zbekistonda gaz va neft zahiralarini o`zlashtirish uchun 1 million 800 ming dollarlik investitsiya va`da qilgan. Albatta bu investitsiyalar faqat Koreyaning ma`lum talablari qondirilgandan keyingina kiritilishi mumkin. O`zbekiston prezidenti konstitutsiyani buzib, noqonuniy tarzda prezident bo`lgan bo`lsada, ana shu talablarni qondirish uchun unga taklifnoma yuborishgan”, - deydi Yo`ldoshev.
Sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovga ko`ra Janubiy Koreya O`zbekistonni strategik hamkor sifatida hamisha qadrlab kelgan.
“Bir paytlar G`arb tomonidan O`zbekistonga nisbatan axborot xurujlari uyushtirilgan paytda ham Janubiy Koreyaning O`zbekistonga nisbatan siyosati o`zgarmadi. O`zbekiston ham Janubiy Koreyani Koreya yarim orolini yadro qurolidan xoli hudud sifatida e`lon qilish tashabbusini qo`llab kelmoqda. Umuman imzolangan strategik shartnomaga ko`ra ikki davlatning xalqaro maydondagi pozitsiyalari bir-biriga muvofiq”, - deydi Soyibnazarov.
O`zbekiston fuqarolarining 200 mingga yaqini koreys millatiga mansub. Minglab o'zbekistonliklar ikki tomonlama shartnoma asosida Janubiy Koreyada mehnat qiladi. Norasmiy ma`lumotlarga ko`ra Janubiy Koreyada ishchi o`zbeklardan iborat jamoa shakllanmoqda.
Janubiy Koreyada ishlash ishtiyoqidagi o`zbekistonliklar ko`pchilikni tashkil etadi, biroq qabul cheklangan.
“Koreyada ishlab kelib uy oldim, hovli-joy qildim, bu erda yurganimda hatto tovug`im ham yo`q edi”, - deydi o`zbekistonliklardan biri.
Sharhlovchilarga ko`ra Janubiy Koreyaning O`zbekiston iqtisodidagi ulushi mamlakatda sarmoya muhiti yaxshilangan taqdirda yanada kengayishi mumkin.