Xitoyda Tibet muxtoriyatining ma’muriy markazi Lxasada zo’ravonliklar kuzatilmoqda. Mahalliy aholi va asosan buddist ruhoniylar rasmiy Pekinning Tibet ustidan hokimiyatiga norozilik bildirmoqda.
AQShning Pekindagi elchixonasi mamlakatdagi fuqarolarini Lxasaga yaqinlashmaslikka chaqirmoqda. Minglab politsiyachi va askarlar so’nggi bir necha kun davomida uch yirik ibodatxonani qurshab olgan.
Kuzatuvchilar fikricha, Tibetda so’nggi 20 yil ichidagi eng yirik norozilik namoyishi kuzatilmoqda. Ruhoniylar Xitoy boshqaruviga qarshi qaratilgan muvaffaqiyatsiz qo’zg’olonning 49 yilligini xotirlash uchun namoyishga chiqqan edi.
Tibet masalalari bo’yicha mutaxassis Yan Uillem den Bestenning aytishicha, Olimpiya o’yinlaridan oldin jahon diqqati Xitoyda bo’lishini anglagan tibetliklar imkoniyatdan foydalanib rasmiy Pekinga noroziligini bildirmoqda.
"Tibetliklar kengroq muxtoriyat olishga hali ham umidvor, biroq Xitoy bu kabi namoyishlarga qanday munosabat bildirishi xavotir tug’dirmoqda. Namoyishlarning bostirilishi sir emas," deydi mutaxassis.
Hafta boshida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi namoyishlarni noqonuniy deb atagan edi.
Vazirlik so’zlovchisiga ko’ra, milliy xavfsizlik va ijtimoiy tartibni saqlash uchun zarur choralar ko’riladi.
Rasmiy Pekin nazarida Tibet azaldan Xitoyga qaraydi. Biroq tibetliklar fikricha Himoloy mintaqasi asrlar davomida mustaqil bo’lgan, Xitoy esa Tibet madaniyatini yo’q qilishga intilmoqda.
Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama Hindistonda yashaydi. U Tibet uchun kengroq muxtoriyat olish maqsadida Xitoy bilan muzokaralar olib boradi.