AQSh Davlat kotibi muovini Tomas Kristensenning AQSh-Xitoy Iqtisodiy va Xavfsizlik Komissiyasidagi tinglovda aytishicha, AQSh hukumati Xitoyning Tibetda namoyishchilarga nisbatan siyosatini yaqindan kuzatmoqda. Komissiya respublikachi va demokrat qonunchilardan iborat bo’lib, Kongressga AQSh-Xitoy savdosi bo’yicha hisobot beradi.
"Qo’shma Shtatlar Xitoyni Dalay Lama va uning vakillari bilan muloqot qilishga undab, Tibet xalqining uzoq vaqtdan buyon yig’ilib qolgan shikoyat va dardiga quloq tutishga chaqirmoqda," dedi Kristensen komissiya tinglovida.
Tibetdagi vaziyatning Xitoyda rejalangan Olimpiya musobaqalariga ta’siri yuzasidan fikr bildirar ekan, AQSh rasmiysi o’yinlar Xitoy uchun sinov dedi.
"Jahon hamjamiyatining diqqati Xitoyda ekan, bu mamlakat nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga ega ekanini, balki ijtimoiy, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va matbuot erkinligi masalalarida ham yutuqlarga erishganini isbotlashi zarur," deydi Kristensen.
Xitoy hukumati Tibetdagi zo’ravonliklar Dalay Lama ko’rsatmasiga ko’ra uyushtirilgan desada, AQSh bu da’volarga isbot ko’rmayapti. Aksincha, deydi AQSh Davlat departamenti rasmiysi, Dalay Lama tibetliklarni bosiqlik va osoyishtalikka chaqirmoqda.
Tinglovda qatnashgan Osiyo masalalari bo’yicha mutaxassis Moxan Malikning aytishicha, Tibetdagi voqealar sabab Xitoy jahondagi obro’sini yo’qotmoqda.
"So’nggi bir necha yillar ichida Osiyo va jahonning boshqa burchaklaridagi mojarolarga barham berish maqsadida vositachilik faoliyati bilan shug’ullangan Xitoy o’z mamlakatida tartib o’rnata olmayapti," deydi u.
Mutaxassis fikricha, Tibetdagi vaziyat yaxshilanmas ekan, Xitoy-Hindiston aloqalari yomonlashishi mumkin, chunki Tibetning Dalay Lama yetakchiligidagi surgundagi hukumati aynan Hindistondan boshpana topgan va Xitoy bundan norozi.
Xitoy matbuotiga ko’ra, Tibet poytaxti Lxasadagi tartibsizliklarda 13 kishi o’lgan va namoyishchilardan 105 nafari o’z xohishi bilan politsiyaga borgan. Tibetning surgundagi hukumatiga ko’ra, so’nggi kunlar ichida 100 ga yaqin tibetlik o’ldirilgan.