Prezident Bush Xitoy rahbari Xyu Sintao bilan telefon orqali suhbatlashib, Tibet, Tayvan, Birma va Shimoliy Koreyaga doir masalalarni muhokama qilgan.
AQSh Davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, prezident Bush Tibetdagi zo’ravonlikdan xavotir bildirib, Xitoy rahbarini Tibet diniy yetakchisi Dalay Lama vakillari bilan muloqotni davom ettirishga chaqirgan.
Rasmiy Pekin aynan Dalay Lamani Tibetdagi zo’ravonliklar ortida turganlikda ayblab, 20 ga yaqin kishi o’lgan deydi. Tibetning mamlakat tashqarisidagi faollari nazarida esa Xitoy politsiyasi kamida 140 kishini o’ldirgan.
Oq uy rasmiylariga ko’ra, Jorj Bush Xyu Sintao bilan muloqotda xorijlik jurnalistlarni Tibetda qayta faoliyat yuritishga ruxsat berishga undagan. Kecha 26 nafar muxbir hukumat vakillari hamrohligida Tibet poytaxti Lxasani ko’zdan kechirgan.
Tibet 1951 yildan buyon Xitoy tarkibida. Biroq tibetliklar mustaqil davlatga ega bo’lishni orzu qiladi. Dalay Lama esa Xitoy hukumatidan Tibetga hech bo’lmaganda haqiqiy muxtoriyat berishni so’ramoqda.
Tayvanda shanba kuni o’tkazilgan saylovlar ham ikki davlat rahbarining telefon muloqotida tilga olingan.
Bush maslahatchisi Xedlining aytishicha, AQSh rahbari Xitoy Tayvan bilan muzokara o’tkazib, o’rtadagi kelishmovchiliklarni hal qilishi kerakligi haqida ham so’zlagan.