“Vashington Post” gazetasida yozilishicha, Buxarestdagi NATO sammitida Gruziya va Ukrainaning blokka a’zo bo’lish arizasi qondirilmaydi.
Sammitda NATOning Afg’onistondagi faoliyati va AQShning Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasiga urg’u beriladi.
Gruziya va Ukrainani alyansga qabul qilish bilan NATO rahbariyati va ayniqsa Germaniya sammitga taklif etilgan Rossiyani ranjitmoqchi emas. Chunki Kremlning mudofaa tizimi rejasi bo’yicha xayrixohligini olish o’ta muhimdir.
Prezident Bush AQSh, NATO va Rossiya mudofaa tizimlarini yagona tarmoqqa biriktirish taklifini kiritgan. Bush ushbu taklifini avval Buxarestda, so’ng esa Sochida Putin bilan muhokama qilishi kutilmoqda.
Sammitda ayrim NATO a’zolaridan Afg’onistonga qo’shimcha askar yuborish so’raladi.
“Vashington Post”da aytilishicha, Fransiya Afg’onistonning qaynoq nuqtalariga 600 ta qo’shimcha harbiy jo’natmoqchi. Bu jangovar zonalarda jonbozlik ko’rsatayotgan Kanada harbiylariga yordam bo’ladi.
Sammitda, shuningdek, Afg’onistonda harbiy harakatlar bilan birga qayta qurish ishlarini olib borish kerakligiga urg’u beriladi.
Kelasi yili NATO 60 ga to’ladi. Sammitda blok yubileyini qayerda o’tkazish ham ko’rib chiqiladi.
“Vashington Tayms” gazetasidagi maqolaga ko’ra, Afg’onistonda tiklanish ishlari bilan shug’ullanayotgan 96 ta agentlikni o’z ichiga olgan muvofiqlashtiruvchi boshqarma maxsus hisobot chiqarib, Afg’oniston uchun va’da qilingan yordam puli donor davlatlardan kelmayotganidan noligan.
2001 yilda va’da qilingan 25 milliard dollar yordamning shu paytgacha 15 milliard dollari berilgan xolos.
Hisobot muallifi Matt Valdmanning Amerika Ovoziga aytishicha, donor davlatlar Afg’onistonda xavfsizlik muammolari sabab pul bermayotgan bo’lishi mumkin.
Biroq Afg’oniston Qishloq tiklanishi va taraqqiyoti vaziri Ehson Ziyo “Vashington Tayms” gazetasiga bergan intervyusida hisobotni tanqid ostiga olgan.
“Raqamlarga e’tibor bermaslik kerak. Yordam pulining qanday sarflanganiga qarash kerak. Pul samarali sarflangan,” deydi vazir.
Ammo hisobotda buning aksi ifodalangan. Afg’oniston hukumati 15 milliard dollarning nimalarga sarflanganini bilmaydi. Korrupsiya kuchli ildiz otgan.
Yordamning 40 foizi donor davlatlar hamyoniga ushbu mamlakatlardan kelgan mutaxassislar uchun maosh va boshqa turdagi to’lovlar ko’rinishida qaytadi, deyiladi hisobotda.