O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Buxarestda o’tishi kutilayotgan NATO sammitiga taklif qilingan. Sharhlovchilar fikricha Karimov NATOga blokning Afg`onistondagi harakatlarida ko’proq yordam taklif etishi mumkin.
Sammitga O’zbekiston rahbarining chaqirilishi, deydi tahlilchilar, mamlakatda inson huquqlari og’ir ahvolda bo’lishiga qaramasdan G`arbning Islom Karimovga ko’rsatayotgan siyosiy iltifotidir.
“Chunki O`zbekistonda inson huquqlari toptalmoqda. G`arb qo`ygan talablar bajarilmayapti. Siyosiy mahbuslar ozod qilinishi, diniy e’tiqod yuzasidan qamoqqa olishni to`xtatish talab qilingan edi. Xalqaro tashkilotlarning O`zbekistondagi faoliyati tiklanishi kerak. G’arb Islom Karimovdan ko`p narsalarni kutayapti, lekin Karimov ularni bajargani yo`q. Bajarish niyati yo`qligini ham bildirayapti”, - deydi sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev.
Keyingi paytda O`zbekistonda bir necha huquq himoyachilari qamoqdan chiqarildi. O`lim jazosi bekor qilindi. Sud tizimida ayrim islohotlar qilindi. G`arb davlatlari rasmiy Toshkentning bu qadamlarini olqishlagan.
Yaqinda O`zbekiston AQSh harbiylariga NATO tarkibida Termezdagi aerodromdan foydalanishga ruxsat berdi.
O’tgan yillar ichida, ayniqsa 2005 yilda Andijondagi qonli voqealar ketidan O`zbekiston - NATO aloqalari sustlashdi. Mamlakatning blok dasturlaridagi ishtiroki cheklandi.
Afg'onistonda vaziyat chigallashar ekan, NATO va AQSh O`zbekiston yordamiga muhtojlik sezmoqda.
Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari Po`lat Oxunning aytishicha tiklanayotgan munosabatlarda demokratik qadriyatlar birinchi o`rinda bo`lmaydi.
“Tomonlarning avvalgi sharoiti bilan bugungisi farq qiladi. NATO avvalo harbiy masalalarni hal qilishga urinadi. Inson huquqlari, demokratik qadriyatlarni olg`a surilmaydi. Afg`onistondagi ahvol O`zbekiston rahbariyatini bezovta qilayapti. O`zbekistonning o`rni o`z bazalarini NATO qo`shinlariga berish, ularga texnik yordam ko`rsatishdan iborat bo`lsa kerak”, - deydi Po`lat Oxun.
O`zbekiston prezidentining NATO sammitida ishtirok etishi siyosiy yutuq deydi muxolifatchi.
“Hukumat reklamasi uchun, O`zbekiston xalqiga rahbariyatni dunyo siyosatini hal qiluvchi majlislarda qatnashayotganini ko`rsatish uchun”,- deydi Oxun.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev nazarida esa NATO tomonidan O`zbekistonga berilayotgan e`tibor Afg`oniston yoki mamlakatdagi vaziyatni yaxshilab qo’ymaydi.
“NATO Afg`onistonda mag`lubiyatga uchramoqda. Bu ortiqcha xarajatlar, ortiqcha urunishlar. G`arb davlatlari Karimovga ortiqcha siyosiy ko`mak berayapti ”, - deydi Yo`ldoshev.
NATO sammiti 2-4 aprel kunlari Buxarestda o`tadi. Sammitda Karimovning qatnashishi hozircha mamlakat rasmiy axborot vositalarida tasdiqlanganicha yo’q.