Buxarest sammiti NATO kelajagini belgilaydi

Chorshanba kuni Buxarestda NATO sammiti boshlanadi. AQSh delegatsiyasiga prezident Bush boshchilik qiladi. Sammitda qator masalalar muhokama qilinadi, biroq eng asosiysi – alyansning Afg’onistondagi faoliyati.

AQSh davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, sammitda NATOning bugungi salohiyati, oldida turgan muammolar va ularni hal qilish yo’llari xususida fikr almashinadi.

Sammitda Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, Yevropa Ittifoqi va Jahon Banki rasmiylari ham bo’ladi. Afg’onistonda NATOga a’zo barcha 26 davlat harbiylari xizmat qilmoqda, biroq ayrim davlatlar askarlarini qaynoq nuqtalarga yuborgisi kelmaydi. Prezident Bush anjuman davomida ana shu davlatlarni Afg’onistonda faolroq harakat qilishga undaydi.

“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, Afg’oniston, Britaniya va AQSh qabilalar va sobiq toliblar o’z-o’zini jangarilardan himoya qilishi uchun yangi xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqqan. Unga ko’ra, jangarilar bilan hamkorlikdan bosh tortgan va ularga boshpana bermagan qishloq va qabilaviy yetakchilar telefon, ratsiya va naqd pul bilan ta’minlanadi. Bu esa o’z navbatida mahalliy ko’ngilli qo’riqchilar tuzilmalari uchun kerak bo’ladi.

Ba’zi mutaxassislar fikricha, afg’on politsiyasi korrupsiyaga botgani bois, o’z vazifalarini sidqidilan ado etmayapti. O’tgan yili Ichki ishlar vazirligining mahalliy hokimiyatlar ustidan vakolati bekor qilingan edi.

Yangi tashabbusga qarshi chiqayotganlar nazarida, deb yozadi “Vashington Post”, mahalliy hokimiyatlarni kuchaytirish bilan sobiq dala qo’mondonlari mavqesi tiklanishi mumkin.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Frenk Karluchchining aytishicha, Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish qancha vaqt talab qilmasin, harakatni davom ettirish kerak. Aks holda, deydi u, NATO parchalanib, jahon siyosiy sahnasida yetakchilik Xitoy va Rossiyaga o’tadi.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta, “Vashington Tayms”ga ko’ra, NATOning asosiy muammosi unga a’zo ayrim davlatlarning yetarlicha shijoatli emasligida.

Britaniya, Fransiya, Germaniya, Gollandiya va AQShning ko’zga ko’ringan besh nafar yuqori unvonli harbiylari Iroq va Afg’onistondagi tajribadan kelib chiqib NATOning yangi strategiyasini ishlab chiqqan. Unga ko’ra, tashkilot mojarolarning oldini olish va hal qilish bobida taktikasiga zudlik bilan o’zgartirishlar kiritishi zarur.

“Vashington Tayms”ga ko’ra, Afg’onistonda na Tolibon va na yolg’iz NATOning o’zi g’alaba qozona oladi. Alyans mojarolarning noharbiy tomonlarini bir o’zi hal qilishga ojiz. Buni Yevropa Ittifoqi va BMT bilan birgalikda hamkorlik qilgan taqdirdagina uddalash mumkin, deb hisoblaydi strategiya mualliflari bo’lmish bir admiral, bir feldmarshal va uch general.

Taklif etilayotgan yangi strategiyada NATOning Afg’onistondagi vazifasini va umuman kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan mojarolarni Yevropa aholisiga tushuntirib berish mexanizmi ham o’rin olgan.