Amerikada musulmonlar biznesda diniy qoidalarga rioya qiladi

AQShda aksariyat odamlar ko’chmas mulkni kredit, ya’ni qarzga oladi. Mamlakat iqtisodiy inqirozni boshdan kechirar ekan, bugun bu qarz foizlari ham ko’tarilgan.

Natijada ko’pchilik amerikaliklar moliyaviy qiyinchilik bilan yuzlashmoqda.

Biroq ayrim musulmon tadbirkorlar muammoga yechim topgan. Ular banklardan qarz olmaslikni, foizsiz pul beradigan jamg’armalar tuzishni taklif qilyapti.

Islom dinida sudxo’rlik, ya’ni qarzdan daromad undirish ta’qiqlangan. Qarzdan foiz undirmasdan ham daromad ko’rish mumkin, deydi Amana Mutual jamg’armasi vakili Munim Salom.

“1984 yilda tashkilotimiz kichik sarmoya guruhi sifatida ish boshlagan. Keyinchalik boshqa musulmon tadbirkorlar birlashib, katta jamg’armaga asos solindi”, - deydi u.

Tashkilot yirik investorlardan yig’ilgan mablag’ni qimmatbaho qog’ozlar birjasida, turli moliya bozorlarida aylantirishdan daromad ko’radi. Buni iqtisodiy tilda “o’zaro ishonch fondlari” deb ham atashadi. Hozirda Amana Jamg’armasining daromadi, deydi Munim Salom bir milliard dollardan oshgan.

“Dividendlardan foyda ko’rish borasida Amana Jamg’armasi yetakchilardan. Amerikada bunday tashkilotlar qatoriga 1100 ga yaqin kompaniya kiradi”, - deydi tadbirkor.

Islomiy qonunlarga asoslangan fondlar, deydi Munim Salom, pornografiya, qimorbozlik, spirtli ichimliklar va sudxo’rlik bilan shug’ullanuvchi bizneslarga pul tika olmaydi. Daromad qiymati yuqori ekan, bunday loyihalarga musulmon bo’lmagan amerikaliklar ham qiziqib qolgan.

AQShda uy-joy sotib olish uchun qarz so’rasangiz, bank sizning oyligingiz va yillik daromadingizga qarab, kredit miqdorini belgilaydi. Odatda qarz uchun to’lanadigan oylik haq maoshning uchdan bir qismi bo’lishi kerak.

Ammo ko’chmas mulk bozorida narx ko’tarilgan sari banklar ham odamlarning moliyaviy salohiyatini chuqur tahlil qilmay, katta miqdorda qarzlar bera boshladi. Natijada odamlar qarzni to’lay olmay, turar-joyidan ayrilmoqda.

Ameen Housing degan ko’chmas mulk kompaniyasi xodimi Ajaz Xon uy-joy sotib olishning islomiy usullari bor deydi.

“Bizning kompaniyamiz uy sotib olayotgan odamlarga hamkorlik taklif qiladi. Ustama foiz stavkasi belgilanmaydi. Uy narxi ko’tariladimi, oshadimi farqi yo’q. Uy egasi va uni sotib olishda hamkorlik qilgan Ameen Housing kompaniyasi orasida sherikchilik kelishuvi imzolanadi, ya’ni mulk ikki tomonga tegishli.”

Islom qonunlari asosida ishlaydigan kompaniyalar quyidagicha biznes qiladi:

Kompaniyaga a’zo bo’lgan odam katta korporativ ulushning bir qismiga sarmoya kiritadi. Sotib olmoqchi bo’lgan uy narxining uchdan birini to’lash bilan fond unga butun uyni sotib olishga yordam beradi.

Har oy ijara haqi tarzida ma’lum bir miqdorda pul to’lab boriladi. Bu haq hech qanday foizlarsiz kompaniyaning qarzini qoplashga sarflanib, ma’lum bir vaqtdan so’ng, uy unga egalik qilish huquqi bilan butunlay sotib olgan odam nomiga o’tadi.

Uch xonali uyning o’rtacha narxi Amerikada hozir 400-500 ming dollar. Bu miqdorning uchdan bir qismini har bir oila ham to’lay olmaydi. 30 yilga qarz beradigan banklar esa odatda 20 foizni oldindan to’lashni talab qiladi.

Musulmon tadbirkorlarning aytishicha, boshida kam to’lab, o’nlab yillar davomida qarz domida yashagandan ko’ra, dastlab ko’p to’lab, uyga egalik huquqini 5-10 yi ichida qo’lga kiritgan ma’qul.