Kreml nazarida O`zbekiston Islomiy Harakati va Xizb-ut-tahrir kabi terrorchi tashkilotlarga jiddiy e’tibor berish va ularga qarshi keskinroq choralar ko'rish kerak.
Sharhlovchilar fikricha esa bu ma’lumot ko’p hollarda bo`rttiriladi. Bu siyosiy maqsadlarni ko`zlab qilingan bayonot deydi ular.
Rossiya mustaqil axborot vositalarida yozilishicha, Federal Xavfsizlik Xizmatining terrorizmga qarshi kurash ko`lamini kengaytirish haqidagi bayonoti mamlakatdagi haqiqiy vaziyatdan kelib chiqmagan.
Rossiya xavfsizlik xizmati mutaxassislarining aytishicha, hozirda 80 ga yaqin kishi Hizb-ut-tahrir va O`zbekiston Islomiy Harakati tashkilotiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Ekstremistik tashkilot Rossiyaning Ural oblastida o`z faoliyatini kengaytirmoqda degan taxminlar mavjud.
O`zbekistonlik sharhlovchilar fikricha Federal Xavfsizlik Xizmatining mazkur bayonoti Rossiyada musulmonlarga nisbatan tazyiqlar kuchayishiga turtki berishi mumkin.
"Davlatning maxsus ko’rsatmalarini bajarish uchun qilinmoqda. Ekstremizm, terrorizm xavfi bilan jamiyatni qo`rquvga saqlab, islomga e’tiqod qiluvchi xalqlarga tazyiq o`tkazishmoqchi. Masalan, Tatariston ko`proq mustaqillik talab qilayotgan bo`lsa yoki Boshqirdistonda ayirmachilik harakati paydo bo`layotgan bo`lsa, bu maxsus ravishda o`ylab chiqarilgan bo`lishi mumkin", - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.
Ko`pchilik sharhlovchilar nazarida O`zbekiston Islomiy Harakatining Rossiyada faoliyat ko`rsatishiga ishonish qiyin. Mazkur tashkilot Afg`onistondagi mag`lubiyatdan so`ng Pokiston chegarasidagi hududlarga chekingani, hozirda faoliyati g’oyat sust ekani ta`kidlanadi.
Ayrim sharhlovchilar nazarida Rossiya bu bilan O`zbekiston hukumatiga xavfsizlik borasida ko`mak ko`rsatishga tayyorligini bildirmoqda.
"Rossiyada ham buning oldi olinsa, yaxshi. Bu bayonot hushyorlikka chaqirayapti, demak, aniq bir chorasi ko`riladi. Agar ekstremistik tashkilotlar faoliyati bu yerda tugatilmasa, boshqa hududlarga tarqalishi mumkin", - deydi sharhlovchi Tursunboy Qoratoyev.
Komron Aliyevning aytishicha, Rossiya xavfsizlik xizmati tashabbusi mutlaqo boshqa maqsadlarni ko`zlaydi.
"Rossiyadagi ekstremistik harakatlar, Hizb-ut-tahrir faoliyati maxsus xizmat tomonidan bo`rttirilgan. Bu, birinchidan, musulmonlar boshida kaltak bo`ladi. Qolaversa, Rossiya ekstremizm bilan mintaqa davlatlarini qo`rqitib, harbiy hamkorlikni mustahkamlashda yoki boshqa maqsadlarda foydalanishi mumkin", - deydi Aliyev.
Rossiya va O`zbekiston terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilishga doir qator hujjatlarni imzolagan.
Shu paytgacha Rossiya xavfsizlik idoralari O`zbekiston Islomiy Harakatini Rossiya xavfsizligiga bevosita tahdid soluvchi tashkilot sifatida e`tirof etmagan edi.