Shimoliy Koreyaning atom qurollaridan voz kechgani haqidagi bayonotlari xalqaro mutaxassislar tomonidan tekshiriladi. Mamlakat o’tgan yili iqtisodiy yordam evaziga atom inshootlarini yopishga va’da bergan edi.
AQSh rasmiylari “Shimoliy Koreyadan to’liq va haqqoniy ma’lumot kutyapmiz” deydi. Firibgarlik jazolanadi, deya qo’shadi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.
Shimoliy Koreya va’da qilgan barcha ma’lumotni o’tgan yil oxirigacha havola etishi kerak edi. Jumladan atom bobida boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik ko’lami haqida. Pxenyan va’da bajarildi deydi, lekin AQSh rasmiylari ishonmayapti.
Matbuotda “Vashington va Pxenyan barcha kelishmovchiliklar bo’yicha murosaga keladi” degan xabarlar tarqalar ekan, Kondoliza Rays dastavval Shimoliy Koreya berayotgan ma’lumotlar sinchiklab tekshiriladi deydi.
Hozircha esa Shimoliy Koreya terrorizmni quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan chiqarilgani yo’q.
AQSh Kongressi nazarida rasmiy Pxenyanga ishonib bo’lmaydi va AQSh unga nisbatan qattiqqo’l siyosat yuritishi kerak.