Iroq qo'shni davlatlardan qarzidan kechishni so'ramoqda

Quvaytda Iroq bo’yicha o’tgan anjumanda Bosh vazir Nuri al-Maliki qo’shni davlatlardan Iroq tashqi qarzidan kechishni va o’zaro diplomatik aloqalar o’rnatishni so’ragan. Aks holda, deydi Maliki, mamlakat tanazzuldan chiqmaydi.

Nuri al-Maliki qo’shni davlatlar diktaturadan xoli bo’lgan Iroq bilan diplomatik aloqalarni shu paytgacha tiklamaganidan taajjubda ekanini aytib, boshqa davlatlar vaziyat qaltisligiga qaramay Bag’dodda o’z elchixonasiga egaligini ta’kidlagan.

Ayni damda hech bir sunniy arab davlati Iroqda o’z elchisiga ega emas. Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Quvayt elchi yuborishga va’da qilganiga qaramay, hali-beri diplomatik missiya ochmagan. Bunga sabab Iroqdagi qaltis vaziyat va hukumatning asosan shialardan tarkib topishi. Iroq bilan o’tgan asrning 80-yillarida uzoq urush qilgan shia Eron esa Iroq bilan to’liq diplomatik munosabatlarni tiklab elchixonasini ochgan.

AQSh nazarida arab davlatlari Eronning Iroqqa ta’sirini kamaytirish uchun diplomatik aloqalarni tiklashi va shu bilan Iroq barqarorligiga o’z hissasini qo’shishi kerak.

Nuri al-Maliki qo’shni davlatlarni Iroq tashqi qarzidan kechisni ham so’ragan. Iroq iqtisodiyotni rivojlantirish o’rniga daromadini qarzni uzishga sarflamoqda, deydi Iroq bosh vaziri.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra Iroqning mintaqa davlatlariga qarzi 65-80 milliard dollar atrofida.

Quvaytdagi anjumanda AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays va Katta Sakkizlikka a’zo mamlakatlar vakillari ham ishtirok etgan.