Tibetning Hindistonda yashayotgan diniy rahnamosi Dalay Lamaning aytishicha, u mintaqaning Xitoydan ajralishiga qarshi. Moddiy jihatdan qoloq mintaqa Xitoy tarkibida zamonaviylashadi, deydi Dalay Lama. Uning fikricha, Xitoy hukumati Tibet madaniyatini yemirishga harakat qilyapti. Buning oldini olish uchun Tibetga ta’lim va boshqa masalalarda kengroq erkinlik berilishi kerak.
Rasmiy Pekin mamlakat g’arbidagi bu mintaqada namoyishlarga toqati yo’q. Ayniqsa yozgi Olimpiya o’yinlaridan oldin. Biroq bu chiqishlar hukumatning Tibet aholisiga nisbatan qo’llanilayotgan siyosatiga javobdir. Tibetliklar yetakchisi Dalay Lama bizga mustaqillik kerak emas, kengroq muxtoriyat kifoya demoqda.
"Tibetliklar Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi sifatida qolishi tarafdoriman. Xitoy hukumat esa Tibet Xitoy mulki deyishdan nariga o’tmaydi," deydi u.
Rasmiy Pekin Dalay Lamaga ishonmaydi. Shu sabab ham ikki tomon o’rtasidagi muloqot natija bergani yo’q, deydi Tibet bo’yicha mutaxassis, Kolumbiya universiteti professori Robert Barnet.
Uning aytishicha, Xitoy Tibet talablarini o’tmishda yetarlicha qondirganini aytishdan charchamaydi. Avval 1950, so’ng 1980 yillarda Tibetga yon berilgan, biroq bir necha yil o’tgach mintaqada zo’ravonlik kuzatilgan. Xitoy fikricha, deydi Barnet, bularning barchasiga Dalay Lama aybdor, aslida esa tibetliklar Xitoy siyosatidan to’ygan.
Tibet rahbarlari va rasmiy Pekin o’rtasida muloqotning sekin ketayotgani ortidagi sabab aniq emas, biroq Barnetning aytishicha, Xitoy vaqtdan yutib Tibetda nazoratni kuchaytirgan.
"Rasmiy Pekin Dalay Lamaning Tibetga madaniy muxtoriyat berish haqidagi chaqiriqlariga haligacha munosabat bildirmagan. Hukumat diniy arbobning tibetlik yoshlar orasidagi obro’siga putur yetkazishga harakat qilmoqda. Xitoy Tibetning Hindistonda faoliyat yuritayotgan hukumatini muzokaralarda pisand qilmayapti. Maqsad – mustaqillik tarafdorlari bo’lmish yosh radikal tibetliklarni asabiylashtirib, ularning Dalay Lama haqidagi fikrini o’zgartirish," deydi deydi Robert Barnet.
”Ozod Osiyo” radiosi bosh muharriri Daniel Saterlandning aytishicha, Xitoy Dalay Lama bilan muloqot qilmaslik uchun uni qora qilib ko’rsatmoqda.
Biroq, deydi Saterland, Tibet muammosini Dalay Lama ishtirokisiz hal qilib bo’lmaydi.
Xitoy Dalay Lamani yaqinda Tibetda qon to’kilishlari bilan yakunlangan namoyishlarga bosh-qosh bo’lganlikda ayblagan. Mustaqil manbalarga ko’ra, hukumat 150 ka yaqin kishini o’qqa tutgan. Ko’plab odamlar hibsga olingan.
Tahlilchi Barnetning aytishicha, ularning ayrimlari uzoq muddatli qamoqqa hukm qilinadi, yana boshqalari esa qatl etiladi. Mahbuslarni qiynoqlar ostida Dalay Lamani qoralashga majburlashadi.
Barnet fikricha, tibetliklar ularning noroziligi xitoyliklarga emas, hukumatga qarshi qaratilganini aniq bildirishi kerak, aks holda ular millatchilar hujumiga uchrashi mumkin.