Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi (CPJ - Commitee to Protect Journalists) yangi hisobot chiqarib, unda jurnalistlar o’limini tergov qilmagan yoki jinoiy ishni ocha olmagan davlatlar jadvalini tuzgan. Iroq jadvalning yuqori pogo’onasidan joy olgan. Hisobotda jang maydoni yoki otishma paytida qurbon bo’lgan jurnalistlar emas, balki kasbi tufayli ataylab nishonga olingan muxbirlar ishi inobatga olingan.
Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot tomonidan tuzilgan jadvalda 13 mamlakat bor. Iroq, Syerra-Leone va Somali yuqoridan uchta o’rinni egallaydi. Oltita davlat Janubiy Osiyoda joylashgan. Bular Shri-Lanka, Afg’oniston, Nepal, Bangladesh, Pokiston va Hindiston. Jurnalistlar o’limiga bog’liq 199 ta ochilmagan jinoiy ishning 41 tasi aynan shu davlatlarga to’g’ri keladi. Qolgan davlatlar Kolumbiya, Meksika, Filippin va Rossiya. Izlanish 1998 yildan 2007 yilga qadar bo’lgan davrni qoplaydi.
Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi ijrochi direktori Joel Saymonning aytishicha, so’z va matbuot erkinligi jahonning turli burchaklarida qimmatga tushmoqda. Jurnalistlarga nisbatan senzura, qamoqqa tashlashlar, ta’qib qilishlar qo’llaniladi. Biroq, deydi tashkilot rahbari, erkin axborot va g’oya uchun o’limdan kattaroq tahdid yo’q.
Tashkilot har bir mamlakatda so’nggi to’qqiz yil ichidagi ahvolni o’rganib, jadvalga shu davr mobaynida kamida beshta jinoiy ishni ocha olmagan davlatlarni kiritgan.
Jadvaldagi 13 davlatning to’qqiztasi demokratik jamiyat hisoblanadi. Ana shunisi xavotirga sabab, deydi tashkilot rahbari Joel Saymon.
"Hukumatlar masalaga jiddiy yondashmagan, barcha zarur vositalarni ishga solmagan, ba’zida esa qotillarni fosh qilish uchun siyosiy iroda yetishmaydi," deydi u.
Tashkilot ana shu jadval orqali hukumatlarni muxbirlar o’limini taftish qilishga jiddiyroq yondashishga undamoqchi.
Ta’kidlash joizki, Amerika Ovozining o’tgan yil 24 oktyabrida Qirg’izistonning O’sh shahrida otib ketilgan muxbiri Alisher Soipovning o’limi bo’yicha tergov haligacha natija bermagan.
Tashkilot “2007 yilda matbuotga hujum” deb nomlangan hisobot ham chiqarib, O’zbekistonda matbuot faoliyatiga bog’liq qonunlar va amaliyotni tanqid ostiga olgan.