Matbuot erkinligi kuni: hibsdagi jurnalistlar taqdiri diqqat markazida

3 may – Xalqaro Matbuot Erkinligi Kuni. Bu sanada turli bahonalar bilan hibsga olingan va ozodlikdan mahrum etilgan jurnalistlar taqdiriga e’tibor qaratiladi. “Jurnalistlarni qamash to’xtatilsin” nomi ostida aksiyalar o’tadi.

Dunyo bo’ylab o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, ko’pchilik erkin matbuot tarafdori, biroq “hukumat ba’zida bu ishga aralashmasa bo’lmaydi” deydiganlar ham bor.

AQShda joylashgan WorldPublicOpinion-dot-org dasturi dunyo ahlining matbuot erkinligi xususidagi fikrlarini o’rganish uchun qariyb 20 ming kishi bilan suhbatlashgan.

Internet barchaga ochiq bo’lish bo’lishi kerak, deb hisoblaydi ko’pchilik. Internetni cheklash bo’yicha yetakchi davlat - Xitoyda so’ralganlarning 70 foizi shu fikrda.

Biroq tahlilchi Cheng Li nazarida yaqinda Tibetda o’tgan namoyishlardan so’ng Xitoy ommasining G’arb ommaviy axborot vositalariga munosabati o’zgargan. “Ayniqsa xitoylik yoshlar orasida Tibetdagi voqealar aniq va xolis tarzda yoritilmadi degan fikr hukm suradi”, - deydi olim.

“Xitoy avgust oyida Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilar ekan, mamlakatga 30 mingdan ortiq xorijiy muxbirlar kelishi kutilmoqda. Ular nigohi sport bilan cheklanmaydi. Bu Xitoy hukumati uchun sinov”.

20 davlatda o’tkazilgan so’rov ishtirokchilari “ommaviy axborot vositalari hukumat nazoratisiz axborot uzata olishi o’ta muhim” deb hisoblaydi.

Biroq asosan musulmonlardan iborat davlatlarda hamda Rossiyada “hukumat siyosiy jihatdan qaltis ma’lumotlarni cheklash huquqiga ega bo’lsin” deydiganlar ko’p.