Andijon voqealariga uch yil to’lar ekan, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Yevropa Ittifoqini sanksiyalarni yumshatmaslikka, O’zbekiston hukumatiga bosim o’tkazishda davom etishga chaqirmoqda. Ular fikricha, so’nggi uch yil ichida mamlakatda inson huquqlari ahvoli yaxshilanmagan.
Aksariyat xalqaro va mustaqil kuzatuvchilarga ko’ra, O’zbekiston hukumati Andijon voqealarining dunyo hamjamiyati yodidan ko’tarilishiga ancha hissa qo’shdi. Internetning O’zbekistondagi faoliyati cheklandi, inson huquqlari faollari va mustaqil jurnalistlar ta’qib ostida qoldi, Andijon voqealari bo’yicha mustaqil xalqaro tergov o’tkazilishiga to’siq qo’yildi, voqea guvohlari va mamlakatni tark etgan qochqinlar va oilalariga nisbatan tazyiqlar qo’llandi.
Mustaqil jurnalist Shohida To’laganovaning aytishicha, Andijon voqealari O’zbekistonda fuqarolik jamiyatiga katta salbiy ta’sir ko’rsatdi.
Andijon voqealaridan so’ng O’zbekistonda repressiyalarning kuchaygani borasida inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti dushanba kuni hisobot chiqardi. Unga ko’ra, ahvol yomonlashganidan tashqari Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni kuchaytirish o’rniga ularni susaytirgan. Ba’zilar nazarida qurol-yarog’ embargosi va viza taqiqi shaklidagi bu sanksiyalardan foyda bo’lmagani sabab Yevropa Ittifoqi muloqot yo’lini tanlagan.
Shohida To’laganova fikricha, sanksiyalar yumshoq bo’lsada, samara berayotgan edi.
"Misol uchun," deydi u, "sanksiyalar kiritilganidan so'ng 2006 yilda to'qqiz nafar huquq faoli qamoqdan ozod etilgan, biroq sanksiyalar bir oz yumshatilgach, 2007 yil davomida hech kim ozodlikka chiqmadi. Aksincha, oktyabr oyida O'shda jurnalist Alisher Soipov o'ldirildi. So'ng shoir Yusuf Juma hibsga olinib, besh yil qamoq jazosiga tortildi."
Human Rights Watch vakili Mariya Lisitsinaga ko’ra, Yevropa Ittifoqi o’zi joriy etgan sanksiyalarga o’zi rioya qilmagani sabab undan kutilgan natija chiqmagan.
"Andijon qirg’inidan olti oy o’tgach Yevropa Ittifoqi O’zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiya joriy etadi, biroq ittifoq a’zolaridan biri Germaniya viza taqiqiga uchragan O’zbekiston rasmiylari ro’yxatida birinchi o’rinda turgan ichki ishlar vazirining [Zokirjon Almatov] davolanishi uchun viza beradi. Yevropa Ittifoqi o’zi chiqargan qoidaga o’zi amal qilishi kerak," deydi Lisitsina.
Yana bir mutaxassis, Jorj Meyson universitetining siyosatshunoslik bo’yicha professori Erik Makglinchining aytishicha, Qo’shma Shtatlar O’zbekistonni islohotlar va o’zgarishlarga undashi uchun uchta omil talab qilinadi.
"Birinchisi shundan iboratki, Qo’shma Shtatlar Xonoboddagi aviabazani Afg’onistondagi operatsiyalari uchun muhim deb bilmasligi kerak. Ikkinchisi, prezident Islom Karimov o’zidan keyin qolayotgan siyosiy meros tashvishlanarli ekanini anglashi lozim. Uchinchisi esa, xalq iste’moli mollari va oziq-ovqat narxlarining ko’tarilishi hamda g’arb kompaniyalarining O’zbekiston paxtasini sotib olishdan bosh tortishi daromaddan ayrilgan hukumatni qiyin ahvolga solib qo’yishi kerak."
Biroq ushbu omillar mavjud bo’lgan taqdirda ham, deydi amerikalik mutaxassis, O’zbekiston hukumati ikki yo’ldan birini tanlaydi. G’arb va AQSh bilan muloqotni kuchaytirib ochiqlik va islohot yo’lini yoki qattiqroq repressiyalarni.