AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Senatga hisobot berar ekan, Bush ma’muriyati Eron bilan yadro dasturi bo’yicha nega muzokara o’tkazmayotganini tushuntirishga harakat qildi. Uning fikricha, Mahmud Ahmadinejod Eron prezidenti ekan bunday muzokara samara bermaydi.
Isroilda chiqadigan gazetaga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Bushning prezidentlik muddati tugashidan oldin Eronga hujum qilishi mumkin. Oq uy bu xabarni inkor etgan. Senatdagi ayrim qonunchilar esa Eron bilan hech qanday shartlarsiz muloqot qilish vaqti keldi deb hisoblaydi.
Jumladan respublikachi senator Arlen Spektr ham. Uning aytishicha, AQSh tashabbusni qo’lga olishi va Eron bilan muloqot qilish imkoniyatini boy bermasligi kerak.
Bush ma’muriyatiga ko’ra, muzokaralardan oldin Eron uran boyitish dasturiga chek qo’yishi zarur.
"Agar Eron uran boyitishni to’xtatsa, unda muzokaraga ne hojat, deydi senator Spektr. Muloqotdan asosiy maqsad ham Eronni yadro dasturidan qaytarishga undash emasmi?" deydi senator.
Mudofaa vaziri Robert Geytsga ko’ra, maqsad Eronga diplomatik, harbiy yoki iqtisodiy bosim o’tkazib, rasmiy Tehronni muloqotga chaqirish.
"Chunki Eron bosimdan xoli bo’lishni istaydi," deydi Geyts.
Konservativ qarashlarga ega prezident Mahmud Ahmadinejod hokimiyat tepasida ekan, deydi Geyts, shartlarsiz muloqot samara bermasligi mumkin.
Kaliforniyalik demokrat senator Dayan Faynshtayn fikricha, Eron prezidentidan ko’ra, oliy diniy rahnamo Ali Xamenei bilan muzokara qilish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Vazir Geyts esa Qo’shma Shtatlar Eron bilan 2003-2004 yillari, hokimiyat tepasida mo’tadilroq hisoblangan Muhammad Hotami bo’lganida muloqot qilishi kerak edi, deydi.