Kecha AQSh Davlat departamenti inson savdosi mavzusidagi yillik xalqaro hisobotini chiqargan. Unda AQShning arab dunyosidagi hamkorlari tanqid ostiga olingan. Venesuela, Malayziya va Madagaskar esa aksincha bu baloga qarshi kurashda muvaffaqiyatlarga erishgan davlatlar deya tan olingan. Hisobotda O’zbekiston ham tilga olingan.
Inson traffigi yoki savdosi, Davlat departamenti hisobotiga ko’ra, deyarli har bir mamlakatga, jumladan Qo’shma Shtatlarga ham aloqasi bor muammodir. Hisobotni taqdim etar ekan, Davlat kotibi Kondoliza Rays jahon bo’ylab muammoga diqqat ortganini ta’kidladi.
"Inson savdosi bir necha qatlamdan iborat tahdid. Insonni huquqidan, or-nomusidan ayiradigan, sog’lig’ini yemiradigan, uyushgan jinoyatchilikni kuchaytirib, qonun ustuvorligiga putur yetkazadigan tahdiddir," deydi Rays.
AQShning Fors ko’rfazidagi eng yaqin hamkorlaridan biri, Saudiya Arabistoniga bu borada qatorasiga to’rtinchi yil past baho berilmoqda.
Kurash sust olib borilayotgan davlatlar qatoriga Quvayt, Ummon, Qatar, Suriya, Jazoir, Eron va yana bir necha davlat kiritilgan.
Davlat departamentida inson savdosi muammolari bilan shug’ullanuvchi idora rahbari Mark Lagonning aytishicha, AQSh razvedkasi ma’lumotiga ko’ra, har yili jahon bo’ylab 800 ming kishi majburan xalqaro chegaralar orqali o’tkaziladi. Har 10 tasining sakkiz nafari ayollar. Millionlab odamlar esa bu baloga o’z mamlakati doirasida mubtalo bo’ladi.
Inson savdosiga uchragan odamlar ko’p hollarda majburiy mehnatga jalb qilinadi, jinsiy tahqirlikka uchraydi.
Hisobotda jami 153 davlat tahlil qilingan. Mark Lagon fikricha, muammoga qarshi samarali kurashish uchun har bir davlatda siyosiy irodaning bo’lishi kifoya.
Hisobotdan O’zbekiston ham o’rin olgan. Unga ko’ra, rasmiy Toshkent inson savdosiga qarshi kurashish uchun qator amaliy choralar ko’rgan. Xalqaro ro’yxatda O’zbekiston bir necha pog’ona yuqoriga ko’tarilgan. O’zbekiston inson savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish hamda jabrdiydalarga yordam berishga qaratilgan qonun qabul qilgani, mamlakatda bu muammo haqida tashviqot olib borilayotgani alohida ta’kidlanadi.