O'zbekiston, Rossiya va Armaniston AQSh matbuoti nigohida

Bryusselda asoslangan Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhi Toshkentdagi matbuot erkinligiga bag'ishlangan xalqaro anjumanni tanqid ostiga olmoqda. Unga ko'ra, tadbir xo’ja-ko’rsinga uyushtirilgan. Matbuotning bugungi kuni haqida haqiqatni ayta oladigan jurnalistlarning birontasi unga taklif etilmagan.

Guruh ta’biricha, hukumat mustaqil jurnalistlarni ta’qib etishda davom etmoqda. Doyche Velle, Ozodlik radiosi, Bi-Bi-Si kabi xalqaro ommaviy axborot vositalari qayta ro’yxatdan o’tkazilmagan. O’zbekiston hukumatini tanqid qiluvchi veb-sahifalarga to’siq qo’yilmoqda.

Xalqaro guruh hukumatni Inson huquqlari bo’yicha umumjahon deklaratsiyaga rioya qilishga, jumladan, mahalliy va xorijiy jurnalistlar hamda kuzatuvchilarga jinoiy sud jarayonlariga kirishga ruxsat berishga chaqirmoqda.

“Nyu-York Tayms” gazetasi Sovet davrida matbuotda retushlash keng tarqalganini tilga olib, bugunga kelib Rossiya televideniyesida ham bu amaliyotdan foydalanilayotgani haqida yozadi. Xususan, deyiladi gazetada, yaqinda bir ko’rsatuvni tayyorlash jarayonida taniqli siyosiy tahlilchi Mixail Delyagin Putinni tanqid qilgan, ammo ko’rsatuv efirga chiqqanida, Delyagin retushlangan, ya’ni kadrdan olib tashlangan.

Senzura bilan birga mamlakatda o’z-o’zini senzura qilish chuqur ildiz otgan. O’z ishini yo’qotib qo’yishdan qo’rqqan muxbirlar Checheniston, Gruziya yoki Eron mavzularida Kreml siyosatidan chetga chiqmaslikka harakat qiladi.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta – “Vashington Tayms” iqtisodiy jihatdan qoloq Armanistonga xorijdan armanlarning qaytib borayotgani haqida yozadi. Unga ko’ra, mamlakatni tark etish sur’ati kamaygan.

Qizig’i shundaki, Armaniston tashqarisida 5,7 million arman yashaydi. Armanistonning o’zida esa aholi bundan deyarli ikki baravar kam.

Qaytayotganlarning aksariyati Rossiyadan kelmoqda. Qaytish sabablari turlicha. Kimdir xorijda oyoqqa turgach o’z vatani rivojiga hissa qo’shmoqchi bo’lsa, boshqalar Armanistonda iqtisodiy vaziyat yaxshilanayotgani bois, ayrimlar esa Rossiyadagi millatchilikdan qochib yurtiga qaytmoqda.