Xalqaro donorlar Afg’onistonni tiklash dasturlari uchun kelasi 5 yil mobaynida 21 milliard dollar ajratishga so’z bermoqda.
Parijda o’tgan yig’ilishda, qator hukumatlar afg’on rahbariyatini korrupsiyaga qarshi kurashishga chaqirgan. Prezident Hamid Karzay esa mablag’ning qanday sarflanishini qattiq nazorat qilishni va’da qilmoqda.
Afg’onistonga Jahon Banki 1.1 milliard dollar, Germaniya va Norvegiya 600 million dollardan, Fransiya 165 million dollar hamda AQSh 10 milliard dollar ajratishni ko’zlamoqda.
AQSh prezidentining rafiqasi Lora Bush “Afg’onistonni bu og’ir sharoitda yakka tashlab qo’yib bo’lmaydi”, - deydi. Bush xonim yaqinda Afg’onistonning qator viloyatlarida, jumladan Bomiyonda bo’ldi.
Donorlar anjumaniga mezbon Fransiya Afg’onistonga yordamini ikki baravarga oshirmoqda. Shuningdek, Osiyo Taraqqiyot Banki 1.3 milliard dollar, Britaniya 1.2 milliard, Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari 250 million dollardan ajratmoqchi.
Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay xalqaro hamjamiyatdan jami 50 milliard dollar so’ragan. “Iqtisodiyotni tiklash, xususan energetika, qishloq xo’jaligini rivojlantirish uchun aynan shuncha mablag’ kerak”, - deydi Karzay.
Mamlakatda hozir 65 ming sonli koalitsiya qo’shini bor. Muammolar esa talaygina. Asosiysi xavfsizlik. Qashshoqlik, qoradori savdosi va Tolibon hujumlari avj olarkan, Karzay hukumati ham bosim ostida.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun donor davlatlar Afg’onistonga yordamni oshirsin, biroq rahbarlarini ham javobgar bo’lishga undasin deydi. Gap qancha yordam ajratilishida emas, balki pulning qanday sarflanayotganida.
“BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini imzolagan Afg’oniston poraxo’r amaldorlarni sudga tortishdan qo’rqmasin”, - deydi Pan Gi Mun.
Karzay hukumati donorlarga taqdim etgan taraqqiyot rejasi kelasi 5 yil ichida mamlakat infratuzilmasini yaxshilash, yo’l, ko’prik va elektrostansiyalar qurishni ko’zlaydi.
Donorlar Afg’onistonga 20 milliard dollardan oshiq mablag va’da qilar ekan, sarf-xarajatni muntazam tekshirib turishga ham kelishib olingan.
Britaniyaning muxolifatchi Konservativ partiyasi rahbari Deyvid Kameron Afg’oniston xavfsizligi birinchi darajali masala deydi. Lekin u 2001 yilda Tolibon ag’darilganidan beri ko’p narsaga erishilgan emas degan fikrda.
Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun vaziyatni boshqacha baholaydi:
“Afg’oniston armiyasi va politsiyasi asta-sekin oyoqqa turmoqda”.
Muxatassislar nazarida esa Tolibonni yengish uchun mamlakatda avvalo NATO harbiylari sonini oshirish kerak. Biroq Yevropaning ayrim davlatlari Afg’onistonning eng notinch janubiy viloyatlariga qo’shinini yo’latmoqchi emas.
2001 yildan beri donorlar Afg’onistonga jami 25 milliard dollar va’da qilgan. Rasmiy Kobul qo’liga faqat 15 milliard dollar tekkan. Insonparvarlik tashkilotlari hisobicha, shundan 40 foizi maosh va boshqa to’lovlar shaklida G’arb davlatlarining o’ziga qaytgan.