Afg'oniston janubida qamoqdan qochgan minglab mahbus qidirilmoqda

Afg’on armiyasi va xalqaro koalitsiya kuchlari mamlakat janubida mingdan ortiq mahbusni qidirmoqda. Tolibon jangarilari Qandahor qamoqxonasiga raketalar bilan hujum qilib, ularni ozod etgan.

Rasmiylar bergan ma’lumotga ko’ra qochishga muvaffaq bo’lgan mahbuslarning uchdan-bir qismi Tolibon a’zolari.

Jangarilar Qandahor qamoqxonasining darvozalari va orqa devorini portlatib kirgan. 15 soqchi halok bo’lgan, ko’plab kishi jarohat olgan.

Afg’oniston Adliya vaziri muovini Muhammad Qosim Hoshimzay hozirda Qandahor atrofi o’rab olingani, mahbuslarni qidirib topish uchun yirik operatsiya boshlanganini aytadi. Viloyatda barcha yo’llar yopilgan.

Qandahor qamoqxonasida 1200 mahbus saqlangan, jumladan Tolibon jangarilari deb gumon qilingan 400 kishi. Deyarli barchasi qochishga muvaffaq bo’lgan. Voqeada qamoqxona xodimlarining qo’li bor yoki yo’qligi tekshirilmoqda.

Afg’oniston janubi so’nggi ikki yil ichida Tolibon hujumlari avj olgan, eng xavfli hudud sanaladi. O’tgan yili maxsus kelishuv doirasida Tolibonga aloqador deb gumon qilingan bir guruh mahbuslar AQSh qamoqxonalaridan Afg’onistonga ko’chirilgan edi.