Qozog’iston poytaxti Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasining 17-yillik sessiyasi o’tmoqda. Markaziy Osiyoda ilk bor. Qozog’iston 2010 yilda tashkilotga raislik qilishga taraddud ko’rar ekan, majlisni ochgan prezident Nursulton Nazarboyev demokratik islohotlarni jadallashtirishga va’da bergan.
Qozog’istonda o’tgan yili saylangan parlament tarqatib yuborilib, yil oxirigacha yangi saylovlar o’tishi mumkin. Kuzatuvchilar fikricha, bu Nazarboyevning tanqidchilarga javobi bo’ladi.
O’tgan yilgi saylovlarda Nazarboyev rahbarligidagi Nur-Otan parlamentga kirish imkonini beruvchi yetti foizlik marradan o’tgan yagona partiya edi. Bir partiyalik parlament Yevropa tomonidan keskin tanqid ostiga olingan.
2010 yilgacha oz vaqt qolar ekan, Yevropa tashkiloti Qozog’istonni siyosiy islohotlarni jadallashtirishga chaqirmoqda.
Qozog’istonlik mustaqil
jurnalist Farhod Sharipning aytishicha, mamlakat rahbariyati tashkilotning
barcha talablarini bajarishga tayyormas.
"Hukumat Qozog’istonning milliy
xususiyatlariga ishora qilib, ayrim talablarning unga to’g’ri kelmasligini
ta’kidlamoqda," deydi u.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylov kampaniyasining chet elliklar va fuqaroliksiz shaxslar tomonidan moliyalanishiga hamda saylovlarga doir tashviqot materiallarining Qozog’iston tashqarisida chiqarilishiga qo’yilgan taqiqlarni bekor qilishni talab qilgan. Rasmiy Ostona bu kabi talablarni mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb talqin qilmoqda.
Vashingtonda asoslangan Freedom
House, ya’ni Ozodlik uyi tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha mas’ul xodimi
Jeff Goldstaynning aytishicha, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga
hech bir mamlakat majburlab kiritilmagan.
"Mamlakatlar tashkilotga
ixtiyoriy ravishda a’zo bo’ladi. Qozog’iston ham o’z xohishiga ko’ra a’zo
bo’lgan. Demak, tashkilotning barcha qoidalari va hujjatlariga rioya qilishi
kerak," deydi Goldstayn.
Qozog’istondan saylov tizimini isloh qilish ham talab qilinmoqda.
Qozog’istonlik jurnalist Farhod Sharipning aytishicha, ayni damda saylov to’g’risidagi yangi qonun ko’rib chiqilmoqda. Unga ko’ra, yetti foizlik marra saylovlarda ishtirok etadigan partiyalar uchun to’rt foizga tushirilishi mumkin.
Freedom House mutaxassisi Jeff
Goldstayn Qozog’iston Yevropa tashkilotiga rais bo’lishga loyiq emas va hukumat
2010 yilgacha islohotlarni amalga oshira olmaydi, deydi.
"2008 yilning yarmi o’tibdiki,
Qozog’iston bergan va’dalarning birontasi bajarilgani yo’q. Yevropada
Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Qozog’istonni islohotlar
yo’liga doimiy ravishda yo’naltirib turishi kerak deb o’ylayman."
Farhod Sharip ta’biricha
tashkilotga raislik qilish Qozog’istonning xalqaro sahnadagi sha’nini va
shaxsan prezident Nazarboyevning obro’sini ko’taradi.
"Ammo shu bilan birga," deydi jurnalist, "Qozog’iston
uchun buning amalda foydadan ko’ra zarari ko’proq bo’lishi mumkin. Chunki
energetika siyosatida barcha davlatlar bilan birday aloqalarni olib borishga
majbur Qozog’iston tashkilotga rais bo’lgach, ayrim a’zo davlatlarni va xususan
Rossiyani tanqid qilib turishi kerak bo’ladi."