Rossiya demokratik yo'ldan og'maslikka va'da bermoqda

Dmitriy Medvedev prezident ekan, Rossiya qay tomon yo'l oladi? Vladimir Putinning vorisi deb sanalmish Medvedev uning siyosatini davom ettiradimi yoki davlatni mustaqil ravishda boshqaradimi? Rossiya demokratiya tomon yo'naladimi yoki avtoritarizm tomon yurishini davom ettiradimi?

Prezident Dmitriy Medvedev boshchiligidagi Rossiyaning qaysi yo'nalish bo'yicha yurishi, ayrimlar nazarida ko'p jihatdan uning AQSh bilan aloqalariga bog'liq.

Moskvalik jurnalist va siyosiy sharhlovchi Sanobar Shermatovaning aytishicha, noyabrdagi saylovlarda AQShda kim g'olib bo'lishiga qarab AQSh-Rossiya aloqalari qanday kechishini bashorat qilish mumkin.

Demokratlar azaldan inson huquqlariga e'tibor qaratadi. Barak Obama prezident etib saylansa, Rossiya bilan bu borada ko'p tortishuvlar kuzatilishi mumkin. Ammo boshqa tomondan respublikachi nomzod Jon Makkeyn Rossiya hukumatining ashaddiy tanqidchisi. U hattoki Rossiyani Katta Sakkizlik guruhidan chetlatishni taklif qilgan.

Dmitriy Medvedevga ko'ra, Katta Sakkizlik iqtisodiyoti rivojlangan yirik davlatlar klubi. Ayrimlar buni xohlaydimi, yo'qmi, aynan shu davlatlar jahon siyosatini tebratadi.

"Uning bironta a'zosini cheklash dunyo iqtisodiyoti muvozanatini buzgan bo'lar edi," deydi Medvedev.

Moskvada asoslangan AQSh-Kanada instituti direktori o'rinbosari Viktor Kremenyukning aytishicha, Katta Sakkizlikka a'zo davlatlarning Rossiyadan tashqari har birida demokratik institutlar, tamoyillar va jarayonlar ishlaydi.

"Rossiyani guruhga a'zo qilish o'ziga yarasha iltifot bo'lgan. Buning evaziga Rossiya demokratik o'zgarishlar tomon harakatlanishi zarur," deydi Kremenyuk.

Medvedevning Moskvada xorijiy jurnalistlar bilan bo'lgan muloqotida aytishicha, Qo'shma Shtatlar Rossiyaga teng hamkordek, jahon siyosatida muhim o'ringa ega davlat sifatida munosabatda bo'lishi kerak.

"Iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Amerika Rossiya bilan hisoblashishi shart. Jahon bozor iqtisodiyotida yolg'iz AQShning o'zi ustuvorlik qilishi yaramaydi," deydi Rossiya prezidenti.

Ba'zi mutaxassislar fikricha, yonilg'i bozorida yetakchi o'rinni egallayotgan, neft va gazdan tushayotgan mo'maygina daromad hisobiga iqtisodiyotini tobora kuchaytirayotgan Rossiya jahon sahnasida dadil siyosat yuritmoqda.

Sharhlovchi Sanobar Shermatovaga ko'ra, AQSh iqtisodiyoti ayrim qiyinchiliklarga qaramay hali ham juda qudratli.

"AQSh iqtisodiyotiga nafaqat Rossiya, balki Yevropa davlatlarining iqtisodiyoti ham bas kela olmaydi. Shuning uchun jahondagi vaziyat hali beri o'zgaradi deb o'ylamayman. Rossiyani Katta Sakkizlikka iqtisodiy emas, balki siyosiy salohiyati uchun qabul qilishgan."

Medvedev Rossiya demokratik taraqqiyot yo'lidan og'maydi deydi. Muammolar borligini tan oladi. Ularni hal qilish uchun esa kuchli prezidentlik boshqaruvi bo'lishi kerak deydi.

"Parlament tizimi mamlakatni jar yoqasiga olib keladi. Rossiya yaxlit davlat bo'lib qolishi uchun kelasi bir necha o'n yil yoki bir necha asr davomida u prezident respublikasi bo'lib qolishi kerak."

Sharhlovchi Sanobar Shermatova fikricha Medvedev Rossiyani qay tomon yetaklayotganini tushunish uchun bir oz vaqt o'tishi kerak. Medvedev prezidentlik lavozimiga ko'nikishi, qator xorijiy safarlarga chiqishi lozim. Vaqt o'tgach esa u Putinning vorisimi yoki mustaqil qarashlarga ega rahbarmi degan savolga javob olish mumkin.