Gruziya - Rossiya o'rtasida ziddiyatlar kuchaymoqda

Gruziya va undan ajralib chiqishga urinayotgan Abxaziya va Janubiy Osetiya o'rtasidagi aloqalar hamda respublikaning NATOga a'zolik istagi uning Rossiya bilan munosabatlariga darz solmoqda. Xalqaro kuzatuvchilar fikricha Qo'shma Shtatlar va G'arb Gruziyani Rossiya changalidan qutqarishi kerak, aks holda mintaqada urush boshlanishi mumkin.

2004 yili Mixail Saakashvili Atirgul inqilobi vositasida hokimiyat tepasiga kelgach Moskva-Tbilisi aloqalari murakkablasha boshladi. Tahlilchilar nazarida bunga Saakashvilining g'arbga moyilligi, NATOga intilishi sabab bo'lgan. Qo'shma Shtatlar Gruziyaning alyans a'zosi bo'lishini istaydi. Rossiya esa NATOni o'z chegaralariga yaqinlashtirmoqchi emas.

Prinston Universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi Jeyson Layallning aytishicha, Dmitriy Medvedev ham Vladimir Putinning Gruziyaga nisbatan qattiq siyosatini davom ettiradi.

"Gruziya Checheniston bilan chegaradosh. Rossiya uchun Chechenistondan bo'lak nozik masala yo'q. Rossiya alyansning Shimoliy Kavkaz ostonasida bo'lishini istamaydi. Rossiya tashqi siyosatida o'zini kuchli qilib ko'rsatishga intilyapti. NATOni chegarasiga yaqinlashtirish esa uni zaif qilib ko'rsatadi",- deydi Layall.

1990-yillarda o'zini Gruziyadan mustaqil deb e'lon qilgan, ammo xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiya respublikalari Rossiya bilan chegaradosh mintaqalardir. Rasmiy Tbilisi fikricha Kreml ularni Rossiyaga qo'shib olmoqchi. Shu sabab u yerda tinchlik o'rnatish o'rniga hududlarni Gruziyaga qarshi gijgijlatmoqda.

Shvetsiya poytaxti Stokgolmdagi Xavfsizlik va Taraqqiyot Instituti tahlilchisi Svante Kornellning aytishicha, Atirgul inqilobidan so'ng Gruziya o'zini isloh qilishga, demokratik boshqaruv tizimini joriy etishga harakat qilyapti.

"Bu borada ko'p yutuqlarga erishildi. Rossiyaga bu yoqmayapti. Gruziyaning muvaffaqiyatsizligi unga qo'l keladi, G'arb esa u yerda demokratik jamiyat qurish imkoniyatini boy beradi", - deydi Kornel.

Chikago Universiteti professori Ronald Sunining aytishicha, Gruziya G'arb uchun nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy ahamiyatga ham ega.

"Bu Kaspiy dengizidan kelayotgan neftning Turkiya orqali Qora dengiz va O'rtayer dengiziga uzatilishidagi asosiy korridordir", - deydi u.

Sovet Ittifoqi tarqaganidan beri Qo'shma Shtatlar Gruziyaga siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohalarda yordam berib keladi. Gruziyaning barqarorligi AQSh manfaatlariga javob beradi, deydi shvetsiyalik Svante Kornell.

"Qo'shma Shtatlar Ukraina va Markaziy Osiyoga Gruziyachalik e'tibor qaratmagan, sarmoya qilmagan. Agar Gruziya beqarorlikka yuz tutsa-yu, AQSh unga yordam bermasa, boshqa davlatlar AQShni jiddiy qabul qilmay qo'yadi. AQShning Yevrosiyodagi manfaatlariga zarba beriladi", - deydi Kornell.

Tahlilchilar nazarida AQSh va G'arb Rossiya-Gruziya munosabatlaridagi taranglikni yumshatish uchun barcha diplomatik choralarni ishga solishi zarur, aks holda mintaqa qonli mojaro nuqtasiga aylanishi mumkin.