Sharh: Rossiya agressor, ammo Gruziya ham farishta emas

David Nikuradze, Gruziyaning Rustavi-2 Televideniyesi muxbiri, “Amerika Ovozi”ga Tbilisidan turib, vaziyatni tushuntirar ekan, Rossiya havo kuchlari poytaxtdagi xalqaro aeroportning radar kuzatuv markazini vayron qilganini aytadi.

“Tbilisi aholisi dahshatda. Odamlar uy-joyini tark etgan, metro va boshqa xavfsizroq maskanlarda jon saqlamoqda. Har tarafdan bomba ovozlari eshitilmoqda”,- deya tasvirlaydi Nikuradze.

Amerika ommasi Kavkazdan kelayotgan xabar va tasvirlarni tashvish bilan kuzatmoqda. Oq uy va Davlat departamenti mojaroni to’xtatish uchun diplomatik harakatlarni kuchaytirmoqda, ammo ziyolilar orasida buning o’zi yetmaydi, AQSh Rossiyaga bosimni oshirishi lozim deya chiqayotganlar ko’p.

Amerika matbuotida chop etilayotgan tahliliy maqolalarda Rossiya aggressor-tajovuzkor davlat sifatida izohlanmoqda.

"Vashington Tayms" (The Washington Times) gazetasining yozishicha, Dmitriy Medvedev va Vladimir Putin boshchiligidagi zo’ravon hukumat harbiy kuchi bilan demokratiyaga intilayotgan nimjon qo’shnilarini yer tishlatib, u chizgan chiziqdan chiqish qon va qalqon bilan tugashini ko’rsatmoqda.

Amerikaning ayrim siyosiy sharhlovchilari Kavkazdagi mojaroni Ikkinchi Jahon Urushiga turtki bergan voqealarga qiyoslamoqda.

“Natsistlar Germaniyasi Chexoslavakiyani qanday bosib olganini eslaysizmi”? – deya so’raydi tarixchi Robert Kagan. Uning tahlilicha, Rossiyaning bugungi harakati ham o'sha yovuz derjavalarga xos qadam.

Gruziyaning yosh va G’arbga moyil prezidenti Mixail Saakashvilini uzoqni ko’zlamay, Kreml bilan o’chakishib, o’z xalqi hayotini xavf ostiga qo’yganlikda ayblash oson deydi olim. “Ammo Saakashvilining asosiy muammosi shuki, u eski qudratini yangilashga ahd qilgan Rossiyaning mitti va zaif qo’shnisi”.

Bill Klinton prezidentligi davrida Bolqondagi urushlarni tinchitish yo’lida xizmat ko’rsatgan diplomatlar Ronald Asmus va Richard Xolbruk esa AQSh darhol to’rt ishni qilishi kerak deya tavsiya qilmoqda.

Birinchidan, Gruziyani har tomonlama quvvatlash va xalqni Amerika u bilan ekanini ishontirish.

Ikkinchidan, Rossiyaga uning Janubiy Osetiya va Abxaziyadagi qo’shinlari “tinchlikparvar kuch” emasligini ochiq aytish, toki tinchlikni ta’minlash BMT zimmasiga topshirilsin.

Uchinchidan, Gruziyani ruhan quvvatlayotgan va unga insonparvarlik yordami taklif qilayotgan Ukrainani Rossiya hamlasidan asrash uchun oldindan choralar ko’rish.

To’rtinchi muhim vazifa, deydi keksa diplomatlar, Kremlga G’arb, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan bu qadar kelishmovchilikka borish Rossiyaning uzoq muddatli manfaatlari uchun xizmat qilmasligini tushuntirish. Rossiya jahonda hurmat qilinishni istasa, insoniyat va global tinchlik uchun bel bog’laganini isbotlashi kerak.

“Aks holda”, - deydi Ronald Asmus va Richard Xolbruk “Vashington Post“ (The Washington Post) gazetasida bosilgan sharhida, xalqaro hamjamiyat Sochida Olimpiya O’yinlarini o’tkazmaslik haqida o’ylay boshlashi kerak. Rossiyani Katta Sakkizlikdan chiqarish kerak deya talab qilayotganlar ham bor.

Rossiya bosh vaziri o'rinbosari Sergey Ivanov esa Amerika matbuotiga bergan intervyusida Saakashvili hukumatini AQShga tamoman tobe, uning "satelliti'", ya'ni dumi deb atadi. Ivanov bunda Gruziyaning 2003 yildagi inqilob ketidan hokimiyatga kelgan yosh rahbarining Bush ma'muriyati tomonidan keng quvvatlanishi va demokratiya namunasi deya ko'rsatilishiga ishora qilmoqda.

Amerika axborot vositalarida Rossiya kallakesar, beshafqat va energetik kuchiga tayanib, manmanlik qilayotgan davlat sifatida qoralanmoqda. Ammo Qo’shma Shtatlar xalqiga Rossiya bilan aloqalarni sovuqlashtirish bu davlat uchun qimmatga tushishini eslatayotganlar ham bor.

AQSh siyosatchilariga maslahat beradigan siyosatdonlardan biri, Borut Grgich qayd etadiki:

“Bush ma’muriyati shu paytgacha Gruziyani mintaqada demokratik namuna deya ko’klarga ko’tarib keldi. Mana ko’rdik, bunday quvvatlash bilan muzlab yotgan mojarolar barham topmaydi. Vashington Abxaziya va Janubiy Osetiya mashmashasini astoydil tinchitmoqchi bo’lsa,

Yevropa bilan hamkorlikni kuchaytirib, Rossiyaga nisbatan bosim vositalari haqida o’ylashi va Kreml bilan ochiq muloqot qilishi lozim”.

Janubiy Osetiya va Abxaziya Sovet Ittifoqi qulagach, Gruziyadan ajralib chiqish uchun kurash boshlagan. 1991-92 yillarda qonli urushlar kuzatilgan.

Nasroniy va musulmonlar istiqomat qiluvchi har ikki mintaqa o’zini mustaqil deb e’lon qilgan, ammo xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Janubiy Osetiyada qariyb 70 ming aholi yashaydi. Abxaziya aholisi esa taqriban 250 ming. Ko’pchilik Gruziya emas, Rossiya bilan yaqinlikni ma’qul ko’radi. Har ikki mintaqada Rossiya pasportiga ega fuqarolar ko’pchilikni tashkil etadi.