Rossiya Gruziyaga qarshi urush boshlab, o’z manfaatlarini qurol bilan himoya qilishga qodir ekanini isbotlagach, NATO – Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi sharq tomon kengayish rejasi ustida ancha o’ylanib qolgan.
Aprel oyida Buxarestda o’tgan sammitda tashkilot a’zolari Gruziya va Ukrainani o’z safiga qabul qilish niyatini bildirgan edi. Reja dekabr oyida yana muhokamaga qo’yiladi. Rossiya bunga qat’iyan qarshi.
NATOga kirish Gruziya va Ukraina uchun nimaga muhim? Kreml nega bundan xavfsiramoqda?
NATO 1949 yilda tuzilgan va asosiy maqsadi Yevropani Sovet Ittifoqidek yirik harbiy qudratga ega mamlakatdan himoya qilish bo'lgan. 1991 yilda SSSR bo'linib ketgach, Moskva va NATO aloqalari yaxshilana boshlagan. Ammo harbiy ittifoq endi biz kerak emasmiz deyayotgani yo'q. Xuddi shu o'rinda Rossiya ham undan xavfsirashda davom etmoqda.
Endi mana o'zini Yevropaning bir qismi deb biluvchi Gruziyani o'z qanoti ostiga olmoqchi ekan, Rossiyaning bu mamlakatga bostirib kirgani NATO va Kreml orasida o'tgan yillarda ancha sovuqlashgan munosabatlarni yanada keskinlashtirdi.
NATO matbuoti kotibi Jeyms Appaturay "Amerika Ovozi"
bilan suhbatda "aloqalar juda tarang", - deydi.
"Rossiya rasmiylari bilan uchrashganimizda iliq gaplashar, o'zaro manfaatlar
haqida o'rtoqlashar edik. Hozir esa bu muloqotlar o'rnini achchiq so'zlar
egallagan. NATOning kengayishi, Kosovo mustaqilligi, Gruziyadagi mojarolar
bobida ikki tomon pozitsiyasi tubdan farq qiladi",- deydi Jeyms Appaturay.
NATO sobiq Sovet Ittifoqi hududida joylashgan, Yevropa hamjamiyatiga kirishni istagan jamiyatlarni, agar a'zolik shartlariga javob bersa, tarkibiga olishni maqsad deb biladi.
Bu degani ular Shimoliy Atlantika xavfsizlik zonasining bir qismiga aylanadi. Rossiya esa bu nima uchun kerak deya hayron. Mamlakatning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin NATO kimdan xavfsirayapti degan savolni o'rtaga tashlaydi. NATO hali ham Rossiyani tahdid deb bilsa, "demak ittifoq bizga qarshi turish uchun kengayayapti", - deya xulosa qiladi u.
"Xavfsizlik va barqarorlik hamma uchun birdek ahamiyat kasb etsa, NATOning kengayish rejasi hech qanday mantiqqa ega emas",- deydi Vitaliy Churkin.
"Bunday kengayish xavfsizlik muammolarini ko'paytiradi xolos. Rossiya ham tinchlik tarafdori. Uning ham manfaatida bo'lgan yangi turdagi bitimlar kerak",- deydi Rossiya diplomati.
Rossiya NATOda o'z elchisiga ega. Bu lavozim egasi Dmitriy Rogozin "davlatim NATOning uning chegarasiga yetib kelishiga yo'l qo'ymaydi",- deydi.
"NATO-Ukraina, NATO-Gruziya aloqalari deya bong urilganda, NATO-Rossiya aloqalarini ham unutmang",- deydi Rogozin. "Manfaatlar muvozanatda saqlanmasa, oqibati voy bo'ladi. NATOdek harbiy tizimni bizga yaqinlashtirar ekansiz, bizning fikrimizni ham inobatga oling",- deydi diplomat.
Alyansning sharq tomon kengayishi ustidan a'zolar ham bir fikrda emas. Ba'zilar Ukraina va Gruziya qabul qilinsa, NATO ularni, masalan, Rossiya hujumidan himoya qilishga qodirmi deya so'ramoqda.
Shimoliy Atlantika Bitimining 5-moddasiga muvofiq, a'zo davlatga qilingan xuruj butun ittifoqqa qarshi hujum demakdir. AQSh Ukraina va Gruziyani a'zolikka tayyor desa, Fransiya va Germaniya bu qarashdan yiroq.
Rossiyaning NATOdagi elchisi esa ular a'zolikka olinsa, hozirgi vaziyat va muvozanat salbiy tus oladi deya qayd etmoqda.
"Aloqalar yanada keskinlashib, Amerika va NATO
boshqa masalalarda Rossiya hamkorligidan ayriladi",- deya ogohlantiradi Dmitriy
Rogozin.
Rossiya NATOning Afg'onistondagi missiyasida yordamlashib kelmoqda. Alyans 53
minglik qo'shini bilan bu mamlakatni Tolibondan tozalash va barqarorlikni
ta'minlash yo'lida qator qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.
Xalqaro bo'hronlarning oldini olish va ularni o'rganish bilan mashg'ul tashkilot vakili Nik Grono fikricha NATO hozircha Afg'onistondagi vazifasini o'tay olmayapti.
"Tinchlikparvar kuchlar qancha ter to'kmasin, Afg'onistonda jangari hujumlar avjida. Demak, NATO hozirgi strategiyasini qayta ko'rib chiqishi kerak",- deydi tahlilchi.
NATOning Brusseldagi qarorgohida o'tirgan rasmiylar yaqin kelajakda ikki muammo
hal etilishi kerak deya tan oladi: biri
Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash, ikkinchisi esa ittifoqni kengaytirish
bilan bog'liq kelishmovchiliklarga barham berish. Bu maqsadlarga erishish
uchun, deydi ular, Rossiya bilan til topishmasdan iloj yo'q.