AQSh prezidentligiga demokrat nomzod Barak Obama prezident bo’lsa, 65 yoshli Jo Bayden vitse-prezident lavozimini egallaydi. Kecha ikki siyosatchi Illinoys shtatida xalqqa ko’rinish bergan.
Minglab tarafdorilari oldida so’zlar ekan, Obama Baydenni
mas’uliyatli va munosib arbob deya ta’rifladi.
Jo Bayden adolat va vazminlik bilan ish ko’rishga, Amerikani oyoqqa turg’izishga
qodir, deydi Barak Obama.
Ba’zilar nazarida 47 yoshli Obama tajribasiz siyosatchi.
U AQSh Senatida 4 yillik tajribaga ega xolos deydi ular. Uning raqibi, prezidentlikka nomzod respublikachi senator Jon Makkeyn 72 yoshda, sobiq harbiy, Vietnam urushi qahramoni, xavfsizlik bobida unga teng keladigani yo'q.
Makkeyn Obamani tashqi siyosatda pishmagan, milliy xavfsizlik muammolaridan bexabar nomzod deya tanqid qilib keladi.
Xolbuki, Obamaning bo’lg’usi sherigi, senator Jo Bayden 36 yildan beri AQSh Senatida xizmat qilib keladi, Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi.
Tajribali, keksa senator Bayden qo’lida yosh siyosatchi Obama ancha pishadi deydi siyosatdonlar. Jo Bayden 2002 yilda Iroqqa qo’shin kiritish tashabbusini yoqlab ovoz bergan, biroq oradan vaqt o’tib, urushning ashaddiy tanqidchisiga aylangan.
U 1988 va joriy yilda AQSh prezidentligi uchun kurashgan,
ammo mag’lub bo’lib poygadan chiqqan.
Prezidentlikka nomzod Barak Obama nazarida Bolqon urushini tugatish, kimyoviy
qurol tarqalishining oldini olish va Yevropadagi yosh demokratik davlatlarni
NATOga qabul qilishda Jo Baydenning xizmati katta bo'lgan. "Bush-Makkeyn siyosatini
ochiq va keskin tanqid qilgan ham Bayden", - deydi Obama.
Jo Bayden respublikachi nomzod Jon Makkeynni Vyetnam urushi qarharamoni deya olqishlasa-da, rahbarlikka Obama munosibroq deydi.
"Vashingtonda o’zgarishlar vaqti keldi. Rahbar nafaqat yaxshi jangchi, balki oqil siyosatchi bo’lishi zarur",- deydi Bayden.
Respublikachi nomzod Jon Makkeyn hali bo’lajak
vitse-prezidentni tanlagani yo’q. Taxminlarga ko’ra, bu kursini Massachyussets sobiq
gubernatori Mit Romni yoki Minnesota shtati gubernatori Tim Polenti egallashi
mumkin.